O‘zbekistonlikning Qrimda qo‘lga olinishi savollarni paydo qilgan

Image caption Matbuotda xabarlar paydo bo‘lganidan keyin "xorijiy fuqaro" surati Qrim militsiyasi web-saytida e‘lon qilingan

Qrim poytaxti Simferopol yaqinidagi xonadonda O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan. Huquq-tartibot organlarining tintuv paytida 40 kilogramm portlovchi modda va ekstremistik adabiyot topilgani haqidagi xabarini xonadon egalari rad etganlar.

Hodisa Simferopolga yaqin Komsomolskoye posyolkasida 7 mart kuni yuz bergan.

Posyolkada istiqomat qiladigan odamlar yuziga niqob taqqan militsiya maxsus bo‘linmasi xonadonlardan biriga erta tongda bostirib kirishganining guvohi bo‘lganlar, bu xonadonda yashab kelgan kishi hibsga olingan.

Qrimlik jurnalistlarning aytishlaricha, ushbu hodisa haqida mahalliy huquq-tartibot idoralari hech qanday axborot tarqatmaganlar.

Matbuotda xorijiy fuqaroning portlovchi modda bilan qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqalganidan keyin Ichki ishlar vazirligining Qrim boshqarmasi web-saytida qisqa axborot e‘lon qilingan.

Unda aytilishicha, Komsomolskoye posyolkasidagi uyda sanktsiya berilgan tintuv o‘tkazilgan, bu tintuv paytida 22 ta trotil portlatgichi va detonator topilgan, qo‘lga olingan xorijiy fuqaro o‘z mamlakatida yo‘lto‘sarlik va talonchilik jinoyatlari uchun bir necha marta sudlangan, unga nisbatan odam o‘ldirgani uchun xalqaro qidiruv e‘lon qilingan, hodisa joyida ekstremistik adabiyot topilgan va bu shaxsni ekstraditsiya qilish uchun hujjatlar prokuraturaga yuborilgan.

Ukrainada nashr etiladigan "Segodnya" ro‘znomasi tahririyati ushbu hodisaga qiziqishni kuchaytiradigan anonim elektron maktub olganini ma‘lum qiladi.

Bu xatda shunday deyiladi: "Komsomolskoye" posyolkasida militsiya maxsus bo‘linmasi uyushgan jinoiy guruhni qurolsizlantirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda hech joyda xabar qilinmadi, sababi gap 40 kilogramm portlovchi modda haqida ketayapti. Qo‘lga olinganlar chechen jangarilari va qrimlik "vahhobiylar" edi. Posyolka Simferopol aeroportidan 2 kilometr masofada joylashgan, aeroport terrorchilik xuruji uchun ayni muddao joy. Qrim terrorchilarning o‘tib-qaytish makoniga aylanayotgani qo‘rqinchlidir".

"O‘zlari tashlab qo‘yishgan"

Image copyright alexey lokhvitskiy

Ammo "Segodnya" ro‘znomasi muxbirlariga gapirgan militsiya maxsus bo‘linmasi shturmiga uchragan xonadonlari rasmiy farazlarni rad qilganlar.

Xonadonning Natalya ismli ayolga tegishli ekani aniqlangan, u Sherzod ismli o‘zbekistonlikning sobiq erining yaqini ekanini aytgan.

Sherzod Natalyaning uyida 2006 yildan buyon yashagan.

U kelgan dastlabki paytida militsiya tekshiruvidan o‘tgan, uning hamma hujjatlari joyida bo‘lgan, militsiya biror noqonuniy narsa topmagan.

Natalya so‘zlariga ko‘ra, hibsdan ikki kun oldin o‘zlarini elektrik deb tanishtirgan odamlar kelishgan va bir kun davomida ishlashgan.

"Portlovchi modda solingan sumkani o‘zlari tashlab qo‘ygan bo‘lishlari mumkin", deb aytgan xonadon egasi.

Natalyaning onasi militsiya web-saytida e‘lon qilingan suratdagi xona o‘zlarinikiga o‘xshamasligini aytgan.

Jurnalistlarning "diniy adabiyot qayerdan kelib qolgan bo‘lishi mumkin", degan savoliga, xonadon egalari bir necha yil oldin o‘zlarining boshqa bir uylarini ijaraga berishganini, u yerda qofqozlik insonlar yashaganini aytishgan.

"O‘sha uyni sotganimizdan keyin ichidagi barcha buyumlarni bu yerga olib kelganmiz, bu kitoblarni o‘sha qofqozliklar tashlab ketgan bo‘lishlari mumkin", deb aytgan Natalyaning onasi.

Qrim huquq-tartibot organlari hibsga olingan O‘zbekiston fuqarosining vaqtinchalik saqlash izolyatorida ushlab turilganidan boshqa ma‘lumot berayotganlari yo‘q.

Bundan oldin Ukraina O‘zbekistonga bir necha O‘zbekiston fuqarosini ekstraditsiya qilgani uchun inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlarining tanqidlariga uchragan.

Xalqaro tashkilotlar Ukraina, Rossiya va Qozog‘iston rasmiylariga murojaat qilib, O‘zbekiston fuqarolarini vataniga ekstraditsiya qilmaslikni so‘rashadi.

O‘zbekistonga qaytarilgan kishining qiynoqlarga solinishidan xavotirlar izhor etiladi.