"Afg‘onlarni otib o‘ldirgan amerikalik askar sog‘lom bo‘lmagan"

Image copyright Reuters
Image caption Janob Braun himoyasidagi askarga nisbatan adolatli hukm chiqarilishidan umid bildirgan

O‘tgan yakshanba kuni 16 tinch afg‘on fuqarosini otib o‘ldirgan amerikalik askarning himoyachisi Jon Genri Braunga ko‘ra, askar uch marta Iroqda xizmat qilgan.

Iroqdagi janglarda olgan tana va miya jarohatlari bilan Afg‘onistonda xizmat qilishi mumkin bo‘lmagan.

Shunga qaramay, u Afg‘onistonga jo‘natilgan.

Janob Braun askarning ichkilikka va oilasiga bog‘liq muammolari bo‘lgan, degan fikrlarni rad etgan.

Unga ko‘ra, askarning baxtli oilasi, ikkita uch va to‘rt yoshli bolalari bo‘lgan.

Janob Braun himoyasidagi askar o‘zining va Amerikadagi oilasining xavfsizligidan xavotirlanayotganini aytgan.

Genri Braun sodir etilgan hodisa juda fojeali bo‘lishiga qaramay, o‘z mijoziga nisbatan adolatli hukm chiqarilishiga umid bildirgan.

"U bizning yigitlarimizdan biri va unga nisbatan hukm adolatli bo‘ladi deb o‘ylayman", - degan himoyachi.

O‘tgan yakshanba kuni ro‘y bergan qotillik Amerika va Afg‘oniston orasidagi munosabatlarni yanada taranglashtirgan.

Tolibon Amerika bilan boshlangan mahbuslarni almashtirish haqida tinch muzokaralar o‘tkazishni to‘xtatgan.

Ayni paytda afg‘on prezidenti Homid Karzay Pentagon rahbari Leon Panetta bilan uchrashuvda "Amerika kuchlarini qishloqdan olib chiqib ketishni va xavfsizlik uchun mas‘uliyatni afg‘on kuchlarining o‘ziga berilishi"ni so‘ragan.

Amerikalik askar chorshanba kuni Afg‘onistondan Quvaytga ko‘chirilgan.

Aybdor askarning Quvaytdaligi u yerdagi aholinining ham noroziligiga sabab bo‘lgan.

New York Times ro‘znomasiga ko‘ra, askar juma kuni Amerikadagi qamoqxonaga, Kanzas shtatidagi Fort-Livenuortega olib ketilishi mumkin.

Qandahordagi hodisadan so‘ng payshanba kuni 2000 ga yaqin kishi janubiy Zabul viloyatida norozilik namoyishiga chiqqan.