Afg‘on qirg‘ini: prezident Karzay qurbonlarning yaqinlari bilan gaplashgan

Image copyright Getty Images
Image caption "Nima uchun bu sodir bo‘ldi? Sizda bunga javob bormi janob prezident?", deb so‘rashgan jigarlarini yo‘qotgan afg‘onlar

Yakshanba kuni amerikalik askarning o‘qidan halok bo‘lgan 16 afg‘on fuqarosining qarindoshlari afg‘on prezidentidan javob istab kelishgan.

"Biz pul haqida o‘ylamayapmiz, biz adolatni xohlayapmiz", degan Qandahordagi mash‘um qotillikka guvoh bo‘lgan qishloq ahlidan biri.

Bir qancha kishilar yakshanba kunidan buyon aytilayotgan rasmiy xabarni inkor etib, yakshanba kechasi bir nechta askarlarning hujum qilganidan guvohlik berishgan.

Boshqalari uylariga bir askarning bostirib kirganini aytishgan.

BBC muxbiriga ko‘ra, prezident qarorgohida hozir bo‘lgan odamlar afg‘on prezidentidan " Nima uchun bu sodir bo‘ldi? Sizda bunga javob bormi janob prezident?", - deb so‘rashgan.

Toliqqan ko‘ringan janob Karzay "Yo‘q, menda bunga javob yo‘q", - deb javob bergan.

U jabrlanganlarning "odamlarni bir nechta askar o‘ldirgani" haqidagi gaplarini e‘tiborga olishga va‘da bergan.

Qotillikda aybdor askarning Amerikaning Quvaytdagi bazasida saqlanayotganligi, juma kuni Amerikaga olib ketilishi aytilgan.

Afg‘onlar esa u o‘zlarining oldida javob berishi kerakligini talab qilishgan.

Askar haqida ba‘zi tafsilotlar paydo bo‘lgan.

Amerikalik himoyachi Genri Braun askarning tanasi va miyasi jiddiy jarohat olganini, bundan oldin Iroqda uch marta xizmat qilib qaytganini ma‘lum qilgan.

Himoyachi Sietlda qilgan chiqishida askarning ichkilik va oilasi bilan bog‘liq muammolari bo‘lgan, degan xabarlarni rad etgan.

Unga ko‘ra, askarning baxtli oilasi, ikkita uch va to‘rt yoshli bolalari bo‘lgan.

Shuningdek, mijozi "yumshoq odam"ligini, "musulmonlarga nisbatan hech qanday nafrati bo‘lmagan"ini ta‘kidlagan.

Janob Braun himoyasidagi askar o‘zining va Amerikadagi oilasining xavfsizligidan xavotirlanayotganini aytgan.

Genri Braun sodir etilgan hodisaning dahshatiga qaramay, o‘z mijoziga nisbatan adolatli hukm chiqarilishiga umid bildirgan.

"Albatta bu katta fojea. Odamlar u bizning yigitlarimizdan biri ekanini tushunishlari va unga nisbatan adolatli hukm chiqarishlari kerak deb o‘ylayman", - degan himoyachi.