AQShda yana bir o‘zbekistonlik terrorchilikda ayblanib hisbga olindi

Image caption Ayblanuvchining Filadelfiya shahrida terror amalini tayyorlayotgani haqida biron xabar yo‘q

AQShning Filadelfiya shahrida asli o‘zbekistonlik shaxs terrorchi tashkilotga aloqadorlikda gumon qilinib qo‘lga olingan.

Philly.com web sahifasi xabar qilishicha, shaharning federal tergov byurosi 45 yoshli Baxtiyor Jumayevni payshanba kuni tongda hibsga olgan.

Unga Islomiy Jihod Ittifoqi tashkilotini moliyalashga yordam berish ayblari qo‘yilgan.

Islomiy Jihod Ittifoqi ekstremist g‘oyalarga ega diniy tashkilot bo‘lib, 2000-yillarda O‘zbekiston Islomiy Harakatidan ajralib chiqqan.

Tashkilot Afg‘onistonda xorijiy qo‘shinlarni nishonga olishdan tashqari, Olmoniyada terrorchilik amalini oshirishga urinishda ayblangandi.

Maqolaga ko‘ra, agar janob Jumayev aybdor deb topilsa, 15 yilgacha qamoq jazosiga hukm etilishi va unga 250,000 dollar jarima solinishi mumkin.

Jumayev Filadelfiya mahkamasi qarshisida payshanba kuni ilk bora ko‘rinish bergan.

Sheriklar

Federal tergov byurosi Jumayev va yanvar oyida hibsga olingan yana bir o‘zbekistonlik, 35 yoshar Jamshid Muxtorovni 2010 yildan beri kuzatib kelayotganini ma‘lum qilgan.

Tergovchilar ularni sheriklar deb biladi va ikkovlon Islomiy Jihod Ittifoqiga moliyaviy dastak berganiga ishonadi.

Muxtorov Chikagoning Oxara aeroportida mamlakatni tark etishga urinayotganda, yonida 2,800 dollar naqd pul bilan hibsga olingandi.

Mahkamada hujjatlarga ko‘ra, Jumayev o‘tgan yilning 15 martida Muxtorovga 300 dollar yuborgan va bu pul Islomiy Jihod Ittifoqiga yordam sifatida to‘langan.

Federal rasmiylar Jumayev sakkizta YouTube videosida terrorchilar va Islomiy Jihod Ittifoqining asoschilariga o‘z qo‘llab-quvvatlovini izhor qilganini bildirishdi.