Qirg‘iziston: qiynab o‘ldirilgan o‘zbek ishi yana tergovga qaytarilgan

Image caption Militsionerlar yaqinlarining bosimi tufayli mahkamani Chuy viloyatida o‘tkazishga qaror qilingan

Qirg‘izistonda o‘tgan yili militsiya tomonidan so‘roqqa tutilish ortidan vafot etgan millati Rossiya fuqarosi Usmonjon Xolmirzayevning o‘limi yuzasidan bo‘lib o‘tayotgan mahkamada jinoyat ishini qayta ko‘rib chiqish uchun Jalolobod viloyat prokuraturasiga yuborishga qaror qilingan.

Mahkamada Bozorqo‘rg‘on militsiyasidan ishdan bo‘shatilgan militsiya xodimlari ayblanuvchi deb ko‘rilayapti, hakam ulardan tilxat olib erkinlikka qo‘yib yuborgan.

Jabrlanuvchi taraf bo‘lgan Usmonjon Xolmirzayevning yaqinlari mahkamada qatnasha olmayaptilar.

Oldinroq Usmonjon Xolmirzayevning bevasi Zulfiya Xolmirzayeva Chuy viloyati So‘qiliq tumanida o‘tayotgan mahkama raisiga ariza yozgan.

O‘z arizasida Zulfi Xolmirzayeva bundan keyin mahkama jarayonida ishtirok eta olmasligini bildirgan.

"Ariza berganimga sakkiz oy bo‘lgan bo‘lsa, biror bir natija bo‘lgani yo‘q. Sudga yolg‘on guvohlarni olib borishayapti. Haqiqat qilib bergani yo‘q. Bunday uzoq joyga borib kelish oilaviy sharoitimga ham, sog‘ligimga ham, moddiy tomondan ham to‘g‘ri kelmayapti", deydi Zulfiya Xolmirzayeva.

"Sud boshlanganidan bizni haqoratlashni boshlashgan. Sud zalida ham, tashqariga chiqqanimizda ham haqorat qilishlar, qo‘rqitishlar, katta pul taklif qilishlar bo‘ldi", deydi Usmonjon Xolmirzayevning bevasi.

O‘tgan yili avgust oyida Jalolobod viloyatining Bozorqo‘rg‘on tuman militsiyasi xodimlari ushlab turganlaridan keyin uyiga kelib vafot etgan Usmonjon Xolmirzayev Qirg‘iz militsiyasidagi noinsoniy muomala qurboni bo‘lgan yagona inson emas.

2011 yil 1 sentyabr kuni O‘shdagi 5-hibsxonada 63 yoshli Mamataziz Buzrukov hayotdan ko‘z yumgan.

Qirg‘iziston Ombudsmani Tursunbek Akunga ko‘ra, mahbusning og‘ir kasalligi bo‘lsa-da, hibsxona xodimlari va tibbiyot vakillari unga beparvo munosabatda bo‘lganlar.

Mamataziz Buzrukov o‘g‘lining ortidan 2010 yil iyunidagi millatlararo nizolarga aloqadorlik gumoni bilan hibsga olingan.

Qirg‘iz mahkamasi o‘sha hodisalarda ayblab bir umrga qamoq jazosi tayinlagan bozorqo‘rg‘onlik taniqli inson huquqlari himoyachisi Azimjon Asqarovning ishi xalqaro miqyosda tanqidlarga sabab bo‘ldi, Qirg‘iziston rahbariyatidan Azimjon Asqarovni ozod qilish talab qilindi.

Inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlariga ko‘ra, Qirg‘iziston mahkamalari qiynoqlar asosida olingan ko‘rsatmalarni qonuniylashtirib bermoqda, millatchilikni yanada kuchaytirmoqda.

Qirg‘izistonga tashrif buyurgan BMTning Qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma‘ruzachisi Xuan Mendes huquq-tartibot idoralari va ayniqsa qamoqxonalarda qiynoqlar keng tarqalganligini aytgan.

Ushbu vaziyatni Qirg‘iziston rasmiylari ham tan olganlar.