Pussy Riot guruhining yana bir a‘zosi hibsga olindi

Image caption Shu davrgacha guruhning uch a‘zosi hisbga olindi

Moskvada Putinga qarshi qo‘shiqlari bilan nom chiqargan Pussy Riot qizlar guruhining yana bir a‘zosi qo‘lga olingan.

"Pussy Riot ishi bo‘yicha yana bir qiz qo‘lga olindi, u gumondorlar safida. Ismi Irina ekani ma‘lum", - dedi mazkur ish bo‘yicha boshqa ayblanuvchilarni himoya qilayotgan advokat Nikolay Polozov.

Ayni damda Rossiya Ichki ishlar vazirligining Moskva bo‘yicha bosh boshqarmasi Iso Masih ehromidagi bezorilik bilan bog‘liqlikda Loktina ismli qiz IIBga kelib o‘zini topshirganini bildirdi.

Tergovchilarga ko‘ra, 21 fevral kuni Pussy Riot feminist pank-guruhining a‘zolari to‘qilgan niqoblarni kiyib, Iso Masih ehromidagi mehrob ustiga chiqib olishgan va norozilik ruhidagi ashulani ijro etishgan.

Qizlarning o‘zlari Tvitterda bu tomoshalarini pank-ibodat deya tasvirlashgan va qo‘shiqlari "Ey Bibi Maryam, Putindan xaloq qil" deb nomlanishini aytishgan.

Image caption Guruh o‘z chiqishlari bilan imkonqadar ko‘p jamoatchilik e‘tiborini o‘ziga tortishni maqsad qilib qo‘ygan

Aytilishicha, Loktina ismli uchinchi qizni IIB idorasida bo‘lgan ehromning xodimlari haqiqatan ham pank-guruhning a‘zosi deya aniqlashgan.

Guruhning a‘zolari ekani aytilgan boshqa ikki qiz - Nadejda Tolokonnikova va Mariya Alexina avvalroq hisbga olinganlar va kamida 24 aprelgacha hibsda ushlanib turiladilar. Ikkala qiz ham ayblovlarni rad qilishadi.

Agar ular bezorilikda aybdor topilsalar, yetti yilgacha qamoq jazosiga tortilishlari mumkin.

Iso Masih ehromidagi aktsiya va qizlarning hibsga olinishi Rossiya va chet mamlakatlarda shov-shuvga sabab bo‘lgan. Ko‘p jamoatchilik arboblari va inson haqlari faollari mazkur pank-guruhni himoyalab chiqqanlar.

Rossiya Bosh Vaziri Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov "Dojd" telekanali bilan suhbatda Pussy Riot amalini "jirkanch" deya tasvirladi.

Pussy Riot guruhi ehromdagi aktsiyasidan avval Moskvadagi Qizil maydonda, qamoqxona tomida, hamda trolleybuslar ustiga chiqib olib Putinga qarshi qo‘shiqlarni ijro etishgan.

Odatda ularning tomoshalari kutilmaganda ro‘y beradi, ashulalari esa uyatsiz va keskin so‘zlarni o‘z ichiga oladi.