Karimov nega yoshlarga ko‘p murojaat qilayapti?

Image caption Fuqarolik jamiyati yosh faollari guruhiga ko‘ra, yoshlar huquqlari haqida gap ko‘payganiga qaramay, ularning jamiyatdagi mavqei oshmagan

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Navro‘z bayrami bilan Toshkentda bo‘lib o‘tgan tantanada chiqish qilar ekan, mamlakat yoshlariga alohida murojaat qilgan. "Shu aziz muqaddas vatanimiz sizlarning har biringizga ishonadi. Ana shunday yuksak ishonch barchangizga madadkor bo‘lsin. Shu ishonchga hamisha munosib bo‘lib yashanglar, aziz farzandlarim", - deb aytdi prezident.

Tahlilchilar 74 yoshli o‘zbek rahbarining ma‘ruzalarida yoshlarga murojaat tobora kuchayib borayotganini ta‘kidlashadi.

Toshkentda joylashgan Fuqarolar jamiyati yosh faollari guruhi koordinatori Sanjar Saidov ham shu fikrga qo‘shiladi.

"Yoshlarga alohida urg‘u berib, ularni qo‘llab-quvvatlashni targ‘ib etish jarayonlarini kuzatish mumkin. Bu keyingi vaqtlarda juda kuchayib ketdi. Bu arab bahoridan keyin shunday bo‘ldi", - deydi u.

Saidov yoshlarga e‘tibor misolida O‘zbekiston Vazirlar mahkamasida tarkibida maxsus yoshlar bilan ishlaydigan idora ochilgani va prezident devonida yoshlar masalasi bo‘yicha maslahatchi tayinlanganini ham urg‘ulaydi.

Biroq, bu e‘tibor ta‘sirida yoshlarning jamiyat va siyosatdagi mavqei oshganmi?

Yosh faol, sovet davridagi komsomol harakatining o‘rnini bosgan "Kamolot" tashkilotida oxirgi davrda yoshi katta mulozimlar tashkilot ma‘muriyatidan chetlatilgani va ularning o‘rnini 40 yoshdan kichik bo‘lgan mulozimlar egallaganini aytadi.

"Katta yoshdagi odamlar, to‘g‘ri, yoshlar muammolarini tushunishi mumkin. Lekin, o‘zi yosh bo‘lmagandan keyin, yoshlar masalasi bilan shug‘ullanadigan mutaxassis sifatida baribir uni tushunmaydi", - deydi u.

Lekin, unga ko‘ra, 50 yoshli mulozimlarning o‘rnini yosh kadrlar bilan egallash islohoti sezilarli biron o‘zgarishga olib kelmagan.

Arab bahori va o‘zbek yoshlari

Siyosiy tahlilchilar Yaqin Sharq avtoritar tizimlaridagi inqiloblar ortidan O‘zbekiston ma‘muriyatida yosh aholi salohiyati va hatto undan keladigan tahdid borasida yangicha fikr shakllanganini ta‘kidlaydilar.

Saidovning aytishicha, arab davlatlaridagi inqiloblar davrida va bu o‘zgarishlar ortidan o‘zbek yoshlari orasida "paradoksal" vaziyat yuzaga keldi.

"Masalan, ba‘zi yoshlar arab bahorini qoralab, O‘zbekistondagi yutuqlarni maqtadilar. Ikkinchi guruhdagi yoshlar esa, men o‘zim shunday bir jumlani shakllantirganman, evolyutsion rivojlanish bo‘lmagan mamlakatda revolyutsion rivojlanish qilish kerak deb fikrlay boshladilar, shunday yoshlar guruhi shakllandi. Arab bahori buning uchun bizga eng yaxshi namuna bo‘lib xizmat qildi", - deydi u.

Yosh faol o‘zbek yoshlari orasidagi bu fikrlar va yo‘nalishlar borasida tadqiqotlar olib borgani va bu yoshlarning xarakteriga chizgilar aniqlanganini aytadi.

"Ikkinchi guruhdagi yoshlarning ko‘pchiligi ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishda ta‘lim olgan, bir qismi chet ellarda o‘qib kelgan, internetdan doimiy ravishda foydalanib turadigan, eng oxirgi yangiliklar va tahlillarni o‘qiydigan va bunga nisbatan o‘z sharhini yozib qoldiradigan yoshlardir. Arab bahori davrida ham, Misrdagi voqealar, Qaddofiy borasida kommentariylar bo‘ldi. Bugungi kunda avtoritar tizimga qarshi bo‘lgan, zamonaviy demokratik ruhda fikrlay oladigan guruh shakllandi", - deydi u.

Lekin, ayni damda, faolning taassufiga binoan, bu kabi guruh yoshlarini birlashtiradigan, "ularning fiklarini o‘nglashtirib, siyosiy dastur sifatida ilgari suradigan biron bir tashkilot yo yetakchining o‘zi yo‘q".