'Maqsad Karimov muddatini cho‘zish va islohotlar bo‘layotgandek taassurot uyg‘otish'

Image caption Prezident Islom Karimov oxirgi marta 2007 yil dekabrida 7 yilga saylangan.

O‘zbekistonlik sobiq diplomat va AQShda yashayotgan mustaqil siyosatshunos Toshpo‘lat Yo‘ldoshev fikricha, so‘nggi o‘zgarishlardan ko‘zlangan maqsad Prezident Islom Karimovning hokimiyati muddatini yana uzaytirishdir.

23 mart kuni O‘zbekiston parlamentining yuqori palatasi - Senat o‘z majlisiga yig‘ilgan.

Bu kun mamlakatda Navro‘z munosabati bilan rasman dam olish kuni deb e‘lon qilingan.

Senat O‘zbekistondagi prezidentlik saylovi sanasini 2014 yil dekabridan 2015 yilning birinchi yarmiga ko‘chirish haqidagi o‘zgarishni ma‘qullagan.

Qonunchilar ushbu qarorni prezident saylovining parlament saylovlari bilan to‘qnash kelmasligi va siyosiy partiyalarga saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun ko‘proq vaqt berish bilan tushuntirganlar.

Prezident Islom Karimov 2010 yil noyabrida O‘zbekiston konstitutsiyasiga parlamentga ko‘proq vakolatlar berishni nazarda tutadigan o‘zgartirishlarni taklif etgan va ular parlament tomonidan ma‘qullangan edi.

"Kontseptsiya" deya taqdim etilgan o‘zgarishlarga muvofiq, jumladan, parlament mamlakat bosh vaziriga ishonchsizlik bildirishi mumkin.

2011 yil dekabrida esa Senat prezident vakolatlarini 7 yildan 5 yilga qisqartirish haqidagi o‘zgarishni ma‘qullagan.

74 yoshli Prezident Islom Karimov O‘zbekistonni qariyb chorak asrdan buyon boshqarib keladi.

U oxirgi marta 2007 yil dekabrida 7 yilga saylangan.

Prezident Karimovning prezidentlik muddatlari bunga qadar ikki marta - 1995 va 2002 yillarda umumxalq referendumlari orqali uzaytirilgan.

O‘tgan yil dekabrida Senat referendumning prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirgan qarorini bekor qilgan va uni qaytadan 5 yil qilib belgilagan.

Xush, bu safargi o‘zgarishlardan maqsad nima?

O‘zbekistonlik sobiq diplomat va AQShda yashayotgan mustaqil siyosatshunos Toshpo‘lat Yo‘ldoshev fikricha, bundan ko‘zlangan maqsad ham Prezident Islom Karimovning hokimiyati muddatini uzaytirishdir.

"Mamlakatda qandaydir islohotlar amalga oshirilayotgandek taassurot uyg‘otish bilan jamiyatni chalg‘itish, odamlarni o‘zlarining siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy talablari bilan chiqishlari oldini olish", deydi tahlilchi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi