Vadim Abramov: 'Eng asosiysi - biz g‘alaba qozondik...' - eksklyuziv

O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasining dastlabki pley-off uchrashuvida Suriyani 2:1 hisobida mag‘lub etishi ortidan Bi-bi-si O‘zbek Xizmatiga bergan eksklyuziv suhbatida bosh murabbiy Vadim Abramov ko‘rsatgan qat‘iyatlari uchun shogirdlaridan mamnun ekanligini aytdi.

O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi 2012 yilgi London Yozgi Olimpiadasiga Osiyo qit‘asiga ajratilgan to‘rtta yo‘llanmadan so‘nggisini qo‘lga kiritish uchun o‘z kurashini davom etdirmoqda.

Suriyaga qarshi o‘yin ularning pley-off bellashuvlari doirasidagi ilk uchrashuvlari edi.

Suriya va O‘zbekiston o‘rtasidagi uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 18:00 da poytaxt Xanoydagi "May Din" stadionida boshlandi.

To‘plarni Kenja To‘rayev (73), Oleg Zoteyev (88) — Shahin (14)lar o‘z hisobiga yozishdi.

Bu- O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasining so‘nggi bosqich saralash uchrashuvlaridagi ketma-ket mag‘lubiyati ortidan erishgan ilk g‘alabasidir.

Biz uchrashuv ortidanoq Xanoydan O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi bosh murabbiysi Vadim Abramov bilan bog‘lanib, uchrashuv haqidagi fikrlari bilan qiziqdik:

Vadim Abramov: Eng asosiysi - biz g‘alaba qozondik. Men bolalardan nihoyatda minnatdorman. Ular shundayin og‘ir o‘yinni o‘z foydalariga hal etishga muvaffaq bo‘lishdi. Bizni qandaydir omadsizliklar ham ta‘qib etadi. Yo‘q yerdan to‘p o‘tkazib yuboramiz. Negaligini bilmayman. Lekin, nima bo‘lgan taqdirda ham, uchrashuvni o‘z foydalariga hal etishga muvaffaq bo‘lishgani uchun bolalardan minnatdorman.

Bi-bi-si: Demak, bugungi g‘alaba shogirdlaringizning ketma-ket ikki mag‘lubiyat ortidan pley-off uchrashuvlariga ham ruhan va ham jismonan hozir ekanliklarini ko‘rsatadi, shundaymi?

Vadim Abramov: Bugungi uchrashuv bolalarni tushkunlik kayfiyatidan chiqarishi lozim edi. Chunki biz so‘nggi o‘yinda Birlashgan Arab Amirliklaridan alamli mag‘lubiyatga uchradik. Shuning uchun ham bu kabi holatdan chiqish oson bo‘lmadi. Bugungi o‘yin esa, o‘yinchilarda xarakter borligini ko‘rsatdi. Umid qilamanki, keyingi uchrashuvda ham hammasi joyida bo‘ladi.

Bi-bi-si: Ammo Ummonga qarshi bor-yo‘g‘i 2 kundan so‘ng maydonga tushishingizga to‘g‘ri keladi? Shogirdlaringiz lozim darajada dam olishga ulgurisharmikan?

Vadim Abramov: Biz harakat qilamiz. Chunki bu haqda avvaldan o‘ylab, muayyan choralarga ham qo‘l urib qo‘yganmiz. Bugun yarim himoyamiz odatiy tarkibda o‘ynamadi. Shuning uchun ham, oldinda bundan qanday foydalanish masalasini rejalayapmiz.

Bi-bi-si: Demak, bo‘lajak jangga tayyorsiz?

Vadim Abramov: So‘zsiz, aks holda nima uchun futbol o‘ynab yuribmiz. Albatta, tayyormiz.

Xo‘sh, o‘zbekistonlik futbolchilarning g‘alabasi O‘zbekistonda qanday qarshi olindi?

Men ushbu savol bilan uchrashuv ortidanoq Toshkentdan faxriy futbol sharhlovchisi Axbor Imomxo‘jayevga bog‘landim:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Bu mavzuda batafsilroq