'O‘zbeklarni jamiyat hayotiga yana integratsiya qilishga hali kech bo‘lgani yo‘q'

Image caption Qirg'iziston o‘zbeklari yakkalanib qolgan va ijtimoiy hayotdan chetlatilgan, deyiladi Xalqaro Inqiroz guruhi hisobotida.

Xalqaro Inqiroz Guruhi Qirg‘iz hukumatini mamlakat janubida tobora o‘sib borayotgan etnik bo‘linishlarning oldini olishga chaqirgan.

Inqiroz Guruhiga ko‘ra, Qirg‘iz hukumati 2010 yil iyunida yuz bergan zo‘ravonliklar ortidan millatlararo ziddiyatni bartaraf eta olmagan.

Ikki yilcha muqaddam yuz bergan etnik mojarolarda rasman 400 dan ortiq inson halok bo‘lgani aytilgan.

Prezident Almazbek Atambayev hukumati etnik uyg‘unlik siyosatini yuritishga va‘da bergan, biroq Xalqaro Inqiroz Guruhi chiqargan yangi hisobotda ta‘kidlanishicha, O‘sh va Jalolobod kabi shaharlarda yashovchi o‘zbeklar yakkalanib qolgan va ijtimoiy hayotdan chetlatilgan.

Qirg‘iziston janubidagi vaziyat xalqaro yangiliklar e‘tiboridan chetda qolgani uchun hisobot g‘arblik siyosatchilarni taajjubga solishi mumkin.

Bi-bi-si Xalqaro Inqiroz guruhining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Pol Kuin-Jadjdan qanday qilib bunday xulosaga kelganlari haqida gapirib berdi.

Pol Kuin-Jadj: Asosan ikki muhim jihatga asoslandik. Birinchi muhim jihat shuki, Xalqaro Inqiroz Guruhi hisobot diqqat qaratgan joyda turib ish olib boradi. Oxirgi 7-8 oy ichida Qirg‘iziston janubiga ko‘plab safarlar qildik. Bu safarlar jarayonida biz odamlar bilan batafsil suhbatlar qildik, joylardagi ahvolni borib o‘rgandik. Ikkinchi muhim jihat shuki, bir xalqaro tashkilotning hodisa mahaliga borib ish yuritishi uning vaziyatdan chuqur xavotirda ekanini ko‘rsatadi. Vaziyatning qanchalar jiddiyligini ta‘kidlash uchun biz ushbu hisobotni tayyorladik.

Bi-bi-si: Hisobotda o‘zbeklar jamoasining yakkalanib qolgani haqida so‘z boradi. Ularning hukumatda vakillari yo‘qligi, matbuot organlariga ega emasligi va o‘z fikrlarini bildirish uchun liderlarga ega emasliklari va hokazolar. Odamlarning nimalar degani haqida batafsilroq gapirib bera olasizmi?

Pol Kuin-Jadj: Ilk navbatda ular 2010 yil iyunь hodisalaridan buyon Qirg‘iziston janubidagi o‘zbeklar jamoasining tobora yakkalanib borayotgani haqida gapirishdi. O‘zingiz bilasiz, bu yerda gap kichik ko‘rinmas guruh haqida emas, balki 700 ming odam haqida borayapti. O‘zbeklar bosqichma-bosqich barcha hayot jabhalaridan chetlashtirilmoqda. Istagan sohani oling, xoh ilm-fan bo‘lsin, xoh hukumat organlarini... O‘zbeklar ayniqsa tijorat sohasida juda faol edilar. Bu endilikda unchalik ko‘zga ko‘rinmaydi. Buning ustiga ular huquq-tartibot organlarining davomli bosimlari va tahqirlashlariga ro‘baro‘ bo‘lishmoqda. Ko‘p hollarda politsiya ularni noqonuniy hibsga oladi va qiynoqlarga soladi. Xullas, biz umumiy manzarada o‘zbeklarning kundalik hayotdan chiqarib tashlanayotganini ko‘rayapmiz. Bundan tashqari Qirg‘iziston janubidagi hukumat ularga bosimlarini borgan sayin kuchaytirmoqda.

Bi-bi-si: Siz qirg‘iz jamoalari bilan ham ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazgan bo‘lsangiz keraga? Ular nima deyishadi?

Pol Kuin-Jadj: Ikki narsa ko‘zga yaqqol tashlanadi: birinchisi, qirg‘izlarning ko‘pi iyunь zo‘ravonliklari ularga tahdid bo‘lgani va ular buni muvaffaqiyatli bartaraf etganliklariga ishonishadi; ikkinchidan, ular o‘zlarining kelajaklariga ko‘p jihatdan ishonishmaydi. Ular yana zo‘ravonliklar boshlanib ketishi mumkinligidan qo‘rqishadi. Qirg‘izlar bir kunmas bir kun O‘shdan bir necha chaqirim uzoqlikda joylashgan O‘zbekiston voqealarga aralashishi mumkin deb ishonishadi. Garchand, buning uchun ularda biror xil asos bo‘lmasada. Bundan tashqari, ko‘plab qirg‘iz ziyolilari O‘sh hokimining o‘zbeklarning bir diaspora degan fikriga qo‘shila boshlashgan. Bu har qanday tilda ularning tub aholi emasligini anglatadi. Shuningdek, ular o‘zbeklarni doimo bo‘lginchlik haqida o‘ylaydigan diaspora sifatida ko‘rishadi. Xullas, umumiy manzara o‘ta qayg‘uli.

Bi-bi-si: Bu bo‘linishlar saqlanib qolsa, oqibatlari qanday bo‘lishi mumkin? Hukumat Islomiy radikal guruhlarning paydo bo‘lishi ehtimolidan gapiradi. Siz shunday holatni ko‘rdingizmi?

Pol Kuin-Jadj: Men ko‘plab narsalarni ko‘rdim. Ko‘plab narsalar meni tashvishlantiradi. Birinchisi, markaziy hukumat Qirg‘iziston janubidagi vaziyatga ta‘sir ko‘rsatishga qodir ham emas, unda bunga istak-xohish ham yo‘q. Qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasidagi bo‘linish markaziy hokimiyatning janubiy hududlarda naqadar nochor ekani alomatidir. Ikkinchisi, bizda shunday ta‘surot paydo bo‘ldiki, janubdagi rahbariyat - O‘sh meri, uni dastaklovchi qirg‘iz millatchilari - negadir sukunatni g‘alaba bilan adashtirib yuborishayapti. O‘zbeklar sukut saqlashayapti, lekin bu hammasi bitdi degan ma‘noni anglatmaydi. Agar muammolar bartaraf etilmas ekan, vaziyat kelajakda yomonlashib ketishi mumkin. Va nihoyat uchinchisi, bu fojeaning oldini olishga haliyam kech emasligidir. Haliyam vaqt bor. Hali hech kim qo‘liga qurol olgani yo‘q. Qirg‘iz markaziy hukumatiga mamlakat janubida iqtisodiy va siyosiy hokimiyat nazoratni o‘rnatishiga hali vaqt bor. O‘zbeklarni jamiyat hayotiga yana integratsiya qilishga hali kech bo‘lgani yo‘q. Haliyam fojeani chetlab o‘tish mumkin. Buning uchun kichik bir siyosiy iroda kerak xolos.