O‘zbek qamoqxonasida saqlanayotgan faol maktublari tashqariga chiqarilmayapti

Image caption Oilasi faqat G‘aybullo Jalilovning Zarafshonda saqlanayotganini biladi, xolos.

O‘zbekiston qamoqxonasida saqlanayotgan inson haqlari himoyachisi G‘aybullo Jalilov Toshkent viloyatidan Navoiy viloyatiga ko‘chirilgan, biroq yaqinlariga uning qaysi qamoqxonada saqlanayotgani ma‘lum qilinmagan.

G‘aybullo Jalilovga maktub yozayotgan farzandlari va ota-onasi uning javob xatlarini olmayotganlari haqida aytadilar.

Rafiqasi Muqaddas Temirovaning BBCga aytishicha, Navoiy viloyatining Zarafshonida joylashgan jazoni ijro etish muassasasidan rus tilida yozilgan maktub olgan, ana shu maktubdan erining Toshkentga yaqin Zangiota qamoqxonasidan boshqa joyga ko‘chirilgani haqida xabardor bo‘lgan.

"Fevral oyida yozilgan xat rosa bir oy davomida u yoqdan bu yoqqa boripti. Oxiri pochtalonlar olib kelib berishdi. Lekin uning konvertida faqat mening nomim yozilgan, qamoqxonaning raqami yoki manzili yozilmagan", deydi Muqaddas Temirova.

U oxirgi marta turmush o‘rtog‘i bilan o‘tgan yilning oktyabrida ko‘rishganini aytadi.

"Men siz bilan ko‘rishish uchun dalaga chiqib paxta terdim. Har kilosiga 120 so‘mdan oldim. Shu yo‘l bilan pul yig‘ib keldim, deganimda, "bunday qiynalib mening oldimga kelma, yaxshisi qizlarimga kiyim olib ber", deb aytdilar", deydi Muqaddas Temirova.

O‘shandan buyon faqat bir marta G‘aybullo Jalilovning oilasi bilan muloqotiga izn berilgan.

"O‘tgan yil 1 dekabrida qo‘ng‘iroq qilgandilar. Oxirgi marta o‘shanda gaplashgandik", deydi inson huquqlari faolining rafiqasi.

Muqaddas Temirovaning aytishicha, farzandlari ham, G‘aybullo Jalilovning ota-onasi ham qamoqxonaga maktub yozishadi, G‘aybullo Jalilovning o‘zi ham javob xatlarini yozganini bir necha marta aytgan.

"U kishining xatlari nega bizga yetib kelmaydi, sababini bilmayman. Balki ruxsat yo‘qdir", deydi Jalilov rafiqasi.

"O‘zim borib Navoiydagi qaysi qamoqxonada ekanliklarini bilib kelmoqchi bo‘lib turibman. Onam aytdilar: mening fevral oyi uchun pensiyamni berishsa, senga beraman, borib eringni ko‘rib kelasan, dedilar", deydi ikki farzandning onasi.

2011 yil boshida qamoqda saqlanayotgan G‘aybullo Jalilovning sog‘ligidan xavotirlar bildirilgan, hatto rafiqasi qamoqxonadagi uchrashuv paytida mahbusning vidolashgani haqida aytgandi.

47 yoshli G‘aybullo Jalilov Sho‘ro armiyasida xizmat qilgan yillari bir o‘pkasidan ayrilgan.

Nogironligiga qaramasdan, u 2009 yil sentyabrida hibsga olingan, dastlabki tergov payti va ozodlikdan mahrum etilganidan keyin shafqatsiz qiynoqlar tutilgani haqida xabarlar tarqalgan.

"Shayxali" qamoxonasida G‘aybullo Jalilovning qulog‘iga rezina to‘qmoq bilan urishgani oqibatida u eshitish qobiliyatini yo‘qotgan.

Inson huquqlari himoyachisini Qarshi shahri aeroporti va "Xonobod" harbiy bazasini portlatishga til biriktirishda aybdor deb topib 13 yilga ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqarilgan.

Human Rights Watch xalqaro inson huquqlarini saqlash tashkiloti G‘aybullo Jalilov ustidan chiqarilgan hukmni qoralagan.

"Soxta ayblovlar bilan mahkamaga tortilgan G‘aybullo Jalilovning aybi isbotlanmagani uchun u zudlik bilan ozod etilishi kerak", ligini aytgan.