Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasi o‘ngida "Palov-Protest"

Image copyright none

Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasi o‘ngida "Palov bilan norozilik" nomi ostida piket bo‘lib o‘tdi.

20 ga yaqin ishtirokchilar yaqinda O‘zbekistonga suratkashlikdan dars bergani borgan fotograf va jurnalist Viktoriya Ivlevaning deportatsiyasi va mamlakatdagi matbuot erkinligini cheklash harakatlariga o‘z noroziliklarini bildirganlar.

Piket qatnashchilaridan biri, "Ferghana.ru" axborot portali Bosh muharriri Daniil Kislovning BBC bilan suhbatda aytishicha, ular qat‘iy norozilikdan ko‘ra, do‘stona ohangda O‘zbekiston rasmiylarini ochiqroq bo‘lishga va cheklovlarni olib tashlashga da‘vat qilishga urindilar.

Daniil Kislov: Bu piket norozilikdan ko‘ra, ko‘proq do‘stlik aktsiyasiga o‘xshab ketadi. Qo‘llarmizdagi shiorlar ham do‘stona va hazilomuz. Masalan shiorlardan birida "Fotoapparatli inson davlatga dushman emas", deb yozilgan, yana birida "O‘zbekiston, yuzingni och", deya bitilgan. Xullas, O‘zbekistonga nisbatan ana shunday istehzoli ravishda "do‘st" bo‘lishga da‘vat qilmoqdamiz. Ivlevaning o‘zi ham, biz ham O‘zbekistonni va uning xalqini sevishimizni aytamiz, lekin hukumat bu do‘stlikka raxna solyapti. O‘zbekiston bilan do‘stligimiz ramzi sifatida bu yerga bir qozon osh ham damlab keldik, ikkita laganga solib hammaga tarqatdik. O‘zbekiston elchixonasi derazasidan bu amallarning hammasini bir shaxs mufassal suratga tushirib turdi.

Image copyright none

BBC: Elchixonadan palovni tatib ko‘rgani yoda da‘vatlaringizga quloq tutgani hech kim chiqmadimi?

Daniil Kislov: Yo‘q hech kim chiqqani yo‘q, biz faqat elchixonani qo‘riqlab turgan militsiya xodimlari va qo‘riqchilarni ko‘rdik. Afsuski palovimizni tatib ko‘rishni va da‘vatlarimizga quloq tutishni rasmiylar xohlamadilar.

BBC: Bu piket faqatgina Viktrorya Ivlevaning deportatsiya qilinishiga norozilikmidi?

Daniil Kislov: Aslida uning deportatsiya qilinishi kabi alohida hodisadan kelib chiqib, O‘zbekistondagi har shaxsning ma‘lumot olish huquqining buzilishi va ahvolning yomonlashib borayotganiga e‘tibor qaratishdir. Ovro‘po va g‘arb davlatlari O‘zbekistonda sharoit yaxshilanishiga va mamlakatdan chiqarib yuborilgan jurnalistlar qaytarilishiga umid qilishayotgan bo‘lsa ham, oxirgi vaqtlarda vaziyat battarlashib borayotganligiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Oxirgi oy mobaynida ikki jurnalistni mamlakatga kiritmay, hech qanday sabab keltirmay chiqarib yuborishdi. Birinchisi shaxsiy safar bilan borgan BBC jurnalisti Natalya Antelava edi, ikkinchisi mana Viktoriya Ivleva. Mamlakat ichkarisida davom etayotgan jurnalistlarga muttasil tazyiqlar u yerdagi ahvol yaxshilanayotganidan emas, yomonlashayotganidan dalolat berayapti. Bu piket, yana bir bor aytmoqchiman, norozilik chiqishi emas, xalq diplomatiyasi aktsiyasidir. Biz O‘zbekiston hukumatini ochiqlikka da‘vat qilmoqdamiz, va o‘zimiz ham unga ochiqmiz, xayrixohmiz va do‘stona munosabatlarni istaymiz.

Image copyright none

BBC: Bu chiqishingiz biron natija beradi, deya umid qilasizmi?

Daniil Kislov: To‘g‘risini aytsam hech qanday umid yo‘q. Bu aktsiya ko‘proq o‘z qadri-qimmatimiz haqqi va vijdonan qilinayotgan amaldir.

O‘zbekistonni "Baliqlar mamlakati", deb atagan rossiyalik jurnalist Toshkent havo qo‘nalg‘asidan mart oyi oxirlarida ortga qaytarib yuborilgandi.

Rossiyalik taniqli jurnalist va suratkash Viktoriya Ivlevaga ko‘ra, u o‘zbek suratkashlari uchun seminar o‘tkazish niyatida Toshkentga kelayotgan edi.