Tyumen yaqinida uchoq qulagan

Image copyright AP
Image caption Uchoq "Yuteyr" shirkatiga qarashli bo‘lgan

Rossiyaning Tyumen – Surgut shaharlari oralig‘ida parvoz qilayotgan uchoq qulab tushgan.

Transport masalalari bo‘yicha mulozimning aytishicha, qulash oqibatida uchoq uchga bo‘lingan.

Uchoq halokati oqibatida kamida 32 kishi qurbon bo‘lgani xabar qilinmoqda.

"Yuteyr" shirkatiga qarashli bu uchoqda to‘rt nafar uchuvchi va xizmatchilar doxil jami 43 kishi bo‘lgan.

Tyumen viloyatidagi Favqulodda holatlar vazirligining bo‘limi rahbariga ko‘ra, uchoq qulashida 12 kishi jon saqlab qolgan bo‘lishi mumkin.

Ularning barchasi og‘ir ahvolda kasalxonaga keltirilgan.

ATR-72 rusumidagi uchoq qulagan joyda 230dan ortiq qutqaruvchilar ishlashmoqda.

Uchoqda bo‘lganlarning qarindoshlari va yaqinlari uchun maxsus telefon xizmati (8-3452-59-02-90) yo‘lga qo‘yilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, halokat sababi parvoz va texnik nosozliklar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

2011 yil boshidan beri Rossiyada uchoqlar halokati oqibatida 120dan ortiq inson qurbon bo‘lgan.

O‘tgan yil Yak-42 uchog‘ining halokatida Yaroslavldagi hokkey jamoasi a‘zolarining deyarli barchasi qurbon bo‘lgandi.

37 kishining hayotiga zomin bo‘lgan bu havo halokatidan keyin Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev "xatarli" havo shirkatlarni 2011 yil 15 noyabriga qadar yopib qo‘yish va bu kabi shirkatlarga jarima solig‘ini oshirishga buyurgandi.