Toshkent hokimligi: yonilg‘i shoxobchasidagi yong‘inda qurbon va jarohatlanganlar yo‘q

Image copyright olam.uz
Image caption Toshkent shahar hokimligi xabarida portlash haqida gapirilmaydi

Toshkent shahar hokimligi kecha shahar aeroporti yaqinidagi yonilg‘i quyish shoxobchasida yuz bergan hodisada hech kim jarohatlanmagani haqida xabar tarqatdi.

1 aprel kuni tushga yaqin hodisa yeriga yaqin yerda yashovchi toshkentliklar kuchli portlashni eshitganlar, tez orada xalqaro aeroportga eltuvchi ko‘prik yonida joylashgan yonilg‘i quyish shoxobchasida kelib chiqqan yong‘in portlashga sabab bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan.

Toshkent shahar hokimligi yong‘in sabablarini o‘rganish bo‘yicha maxsus komissiya tuzilganini ma‘lum qilgan.

Tushki soat 11 lar atrofida Toshkent aeroportiga yaqin joyda bo‘lgan insonlar portlash guvohi bo‘lganlarini aytganlar.

Yong‘in va osmonga o‘rlagan qalin qora tutunni uzoq-uzoqlardan ham ko‘rish mumkin bo‘lgan.

Aeroportga yaqin yonilg‘i quyish shoxobchasida portlash ro‘y bergani haqidagi xabar va Internet foydalanuvchilarining hodisa joyida olgan suratlari qisqa fursatda Internet sahifalarida paydo bo‘ldi.

Shoxobcha atrofini militsiya tezda o‘rab olgan, o‘t o‘chirish, "Tez tibbiy yordam" va favqulodda vaziyatlar xizmatlari xodimlari u joyga yetib borganlar.

Shohidlar zambillarda bo‘lgan bir necha insonni "Tez yordam" mashinalariga solishganini ko‘rishganini, biroq bu insonlarning

qanday ahvolda bo‘lganliklarini bilishmasligini aytishgan.

Image copyright olam.uz
Image caption Osmonga o‘rlagan qora tutunni uzoq-uzoqlardan ko‘rish mumkin bo‘lgan.

BBCga gapirgan O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining operativ navbatchisi o‘zlari olgan "dastlabki og‘zaki ma‘lumotda jarohatlanganlar haqida axborot yo‘q"ligini aytgan.

Toshkent shahar hokimligi tarqatgan qisqa xabarda portlash haqida gapirilmaydi.

"1 aprel kuni Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi Kichik Xalqa yo‘lida joylashgan avtoyonilg‘i quyish shoxobchasida yonilg‘i rezervuarining yong‘ini ro‘y bergan. Yong‘in natijasida qurbon va jarohatlanganlar yo‘q. Yuz bergan hodisani o‘rganish bo‘yicha maxsus komissiya tuzilgan", deyiladi Toshkent hokimligi axborotida.

2 aprel kuni Internetda paydo bo‘lgan xabarlarda MQ Service shoxobchasidan qolgan yonilg‘i qayta tortib olinganini, kechagi portlash tufayli shoxobchaga qo‘shni avtomobillar sotish salonining hamma oynalari sinib ketganini, biroq benzin va dizel yonilg‘i quyish shoxobchasi biqinida joylashgan avtomobillarga gaz solish shoxobchasiga zarar yetmaganini ko‘rish mumkin.

O‘zbekistonda yonilg‘i quyish shoxobchalarida portlashlar oldin ham ro‘y bergan, hozir ham avtomobillarga gaz yoki boshqa yonilg‘i quyish shoxobchalari mutasaddilarining texnika xavfsizligi talablariga naqadar rioya etishlari xavotirlarga sabab bo‘lishi aytib kelinadi.