Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi joriy aloqalarga oid bayonot chop etildi

Tojikiston O‘zbekistonni mamlakatda beqarorlikni keltirib chiqarish harakatlarida aybladi.

Tojikistonning Moskvadagi elchixonasi vebsahifasida Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi joriy aloqalarga oid bayonot chop etildi.

Bayonotda aytilishicha, O‘zbekiston rahbariyati ikki mamlakat o‘rtasida qarama-qarshilik siyosatini olib bormoqda va shu yo‘l bilan O‘zbekiston rahbariyati iqtisodiy, transport, kommunikatsiya va boshqa choralar orqali tojik tomonini o‘ziga buysuntirmoqchi.

Birinchi apreldan boshlab O‘zbek rasmiylarining Tojikistonga gaz ta‘minotini to‘xtatib qo‘ygani, undan avval esa tranzit yuklarini o‘tkazmagani, hamda Rog‘un GESining qurilishiga salbiy tasir qilayotgan iqtisodiy boyqot, mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning beqarorlashishiga olib kelib, alal oqibat insoniy fojeaga aylanishi mumkin, deyiladi bayonotda.

O‘zbekiston tomoni Tojikistonni tabiiy gaz bilan ta‘minlamaslik qarorini o‘zbek gazining yangi xaridori bo‘lmish Xitoy bilan imzolangan kelishuvga binoan o‘z buyniga olgan majburiyatlari bilan izohlaydi.

BBC O‘zbek xizmati O‘zbekiston Tashqi Ishlar vazirligining matbuot xizmatiga mazkur bayonotga munosabatni olish maqsadida bir necha bor murojaat qildi, biroq o‘rinishlar natija bergani yo‘q.

Bu masalani o‘rgangan Dushanbelik jurnalist Iskandar Firuzning aytishicha, ushbu bayonotning Rossiyadagi elchixona vebsahifasida e‘lon qilingani turli fikrlarni keltirib chiqarmoqda.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi