AQSh Lashkari Toiba asoschisi uchun 10mln dollar mukofot e‘lon qildi

Image copyright AP
Image caption Hofiz Muhammad Sayid Hindiston va Amerikaga qarshi ma‘ruzalari bilan tanilgan

Qo‘shma Shtatlar Pokistonda joylashgan Lashkari Toiba qurolli guruhining asoschisi Hofiz Muhammad Sayid uchun 10mln dollar taklif qildi.

Janob Sayid hozirda Jamoati Da‘voga rahbarlik qilmoqda.

Ushbu jamoat 2008-yilda Hindistonning Mumbay shahriga hujumlardan keyin faoliyati taqiqlangan Lashkari Toiba o‘rnini egallagan.

Janob Sayidning kuyovi Abdul Rahmon Makkiy uchun Qo‘shma Shtatlar 2mln dollar va‘da qilgan.

Abdul Rahmon Makkiy Hofiz Muhammad Sayidga Lashkari Toiba guruhini barpo etishga yordam bergan shaxslardan biridir.

Qo‘shma Shtatlar Jamoati Da‘voni ham, Lashkari Toibani ham o‘zining terrorchilar ro‘yxatiga kiritgan.

Rasmiylarga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar ularni tutgan yoda ularni tutishga yordam berganlarga mukofot puli e‘lon qilgan.

2008-yil noyabrida 10 qurolli shaxsning Mumbay shahriga hujum qilishi oqibatida 165 odam halok etilgandi.

Hujumchilardan 9 nafari ham otib o‘ldirilgan edi.

Hindiston hujumlar uchun Lashkari Toiba guruhini aybladi.

Pokiston va Hindiston munosabatlari o‘ta sovuqlashdi.

Tirik qolgan yagona hujumchi, pokistonlik Muhammad Ajmal Amir Qassob qo‘lga olindi va mahkama tomonidan o‘lim jazosiga hukm etildi.

Janob Sayid Hindiston tomonidan Pokistonga berilgan qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatining birinchi qatorida qayd etilgan.

Jamoati Da‘vo qurollilar uchun jabha bo‘lib xizmat qilishi haqidagi da‘volarni rad etadi.

Hofiz Muhammad Sayid Mumbay hujumlaridan keyin hibsga olingan, ammo keyinchalik ozod etilgan.

Qo‘shma Shtatlar Davlat Departamenti veb sahifasida janob Sayid "qizil sochli va moviy ko‘zli Pokiston fuqarosi" sifatida ta‘riflangan.

"Arab tili va muhandislik bo‘yicha sobiq professor bo‘lgan Hofiz Muhammad Sayid Pokiston va Hindistonda islomiy davlatni barpo etishni maqsad qilgan radikal islomiy Jamoati Da‘vo va uning harbiy qanoti Lashkari Toibaga asos solgan", - deya qayd etiladi web sahifada.

Hindiston Hofiz Muhammad Sayid uchun mukofoti e‘lon qilinganini olqishlab chiqqan.

Muxbirlarga ko‘ra, janob Sayid hozirda Pokistonda faoliyat yuritmoqda.

U Hindiston va Amerikaga qarshi ma‘ruzalari bilan tanilgan.