Amerika kollejida otishma: 7 inson halok etildi

Image copyright Other
Image caption Oakland nasroniy kollejiga hujum qilgan shaxsning sobiq talaba bo‘lgani ishoniladi

Amerika politsiyasining xabar berishicha, Kaliforniya Shtati Oklend shahridagi nasroniy kolleji hududida yuz bergan otishmani 43 yoshli Ko Von Il ismli shaxs boshlagan.

Kollejdagi otishmada 7 odam halok bo‘lgan va yana uch kishi jarohat olgan.

Nasroniy kollejining sobiq talabasi bo‘lgan hujumchi qo‘shni Alameda shahridagi savdo markazida politsiyaga taslim bo‘lgan.

Amerika telekanallari Oykos nasroniy kolleji binolaridan yarador odamlarning qochib chiqayotganliklarini namoyish etganlar.

Keyinchalik kollej hududi politsiya va maxsus kuchlar tomonidan o‘rab olingan.

Xabarlarga ko‘ra, besh kishi hodisa joyida, yana ikki odam shifoxonada yetkazilgan jarohatlardan halok bo‘lgan.

Oykos nasroniy kolleji xususiy diniy ta‘lim muassasasi bo‘lib, u yerda dinshunoslik, musiqa va sharq tabobati kabi fanlar o‘rgatiladi.

Kollejga Amerikadagi koreys nasroniy jamoasi asos solgan.

"Bu koreys kolleji ekanini biz bilamiz, - dedi Oklend politsiyasidan Jonna Uotson. – Kollejga qurolli shaxs kirib, odamlarni ota boshladi. Men odamlarni nishonga olgani ishonilayotgan shaxs hibsga olinganini tasdiqlayman".

"Qandaydir telba"

Nasroniy kollejiga o‘n yilcha muqaddam asos solgan pastor Chen Kim bino ichkarisida 30 ga yaqin o‘q uzilganini aytgan.

"Men o‘z xonamda qoldim", - deb aytgan u Oakland Tribune gazetasiga.

Guvohlardan birining Amerika televideniyesiga ma‘lum qilishicha, bir ayol unga bino ichkarisiga "qandaydir telba" kirganini aytgan.

Ayolga ko‘ra, mazkur shaxsni ko‘kragiga otishgan va tez yordam mashinasida olib ketishgan.

Hodisa payti kollej yaqinida bo‘lgan mahalliy aholi vakillaridan biri Enji Jonson qo‘lidan jarohat olganlardan biriga yordam berganini aytgan.

Jonson xonimning yaralangan mazkur shaxsga iqtibosan aytishicha, sanitarlar darsi paytida hujumchi o‘rnidan turgan va talabalardan birini yaqin masofadan otib tashlagan, undan keyin auditoriyada kim bo‘lsa nishonga ola boshlagan.

Oklend o‘t o‘chirish xizmati departamentining ma‘lum qilishicha, ilk otishma haqida xabar ularga mahalliy vaqt bilan 10:50 da yetkazilgan.

Oklend politsiyasining boshlig‘i Hovard Jordan Ko Von Ilning dars paytida o‘q uza boshlaganini tasdiqlagan.

Uning aytishicha, bu odam Oklendda yashaydi va hozircha uni jinoyatga undagan omillar ma‘lum emas.

"Politsiya xodimlari ba‘zi jabrlanganlarni darsxona ichida va ba‘zilarini binoning boshqa bo‘linmalida topishdi, - deb aytgan janob Jordan. – Bir necha odam turli binolar ichiga yashiringanlar. Ulardan ba‘zilari eshiklarni berkitib olganlar, ba‘zilari stollar orqasiga yashiringanlar. Ularning juda qo‘rqqanliklarini tasavvur qilish mumkin".

"Ulardan ba‘zilari jarohat olgani uchun ularni qutqarishimizga to‘g‘ri keldi. Bir necha xonaga kirish uchun biz eshiklarni buzishga majbur bo‘ldik", - deya ilova qildi politsiya boshlig‘i.

Seshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:00 da Oklendda fojia qurbonlarini xotirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.