O‘zbek-Qozoq chegarasida gaz quvuri yorilgan

Qozog‘iston Favqulodda holatlar vazirligi xabar tarqatishicha, O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasidan o‘tgan gaz quvuri yorilib, yong‘in kelib chiqqan.

Natijada O‘zbekistondan Qozog‘istonga gaz uzatish to‘xtatib qo‘yilgan, qariyb 300 ming kishi gazsiz qolgan.

Hodisa 4 aprel kuni tonggi soat 5.30 larda O‘zbekistonning Nazarbek posyolkasidan 700 metr uzoqlikda, Qozog‘istonning Maqtaaral tumani Maqtaaral va Dildabekov qishloqlariga yaqin joyda yuz bergani haqida xabar qilgan Qozoq rasmiylari.

Yer ostidagi quvur teshilishi oqibatida yong‘in kelib chiqqan, favqulodda holatlar xizmati xodimlariga ko‘ra, yong‘in alangasining balandligi 100-150 metrga yetgan.

Yong‘inni o‘chirish uchun favqulodda holatlar va o‘t o‘chirish xizmatlari xodimlari safarbar etilganlar.

Rasmiylar quvur yorilishi sabablari o‘rganilayotganini, qurbon va jabrlanganlar yo‘qligini aytishgan.