O‘zbekistonda "mustaqil jurnalistlarga qarshi ta‘qiblarning yangi to‘lqini"

Image caption Muhammad Bekjon O‘zbekistonda eng uzoq muddat qamoqda qolayotgan jurnalist

Parijda joylashgan "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti so‘nggi haftalarda O‘zbekistonda mustaqil jurnalistlarga qarshi ta‘qiblar kuchayganidan xavotir bildirgan.

Tashkilotga ko‘ra, Prezident Islom Karimov tuzumi jurnalistlarni qo‘rqitishda yangi va yangi usullarni kashf qilmoqda.

So‘nggi paytlarda bir necha jurnalistga yozmagan maqolalari uchun jinoyat ishlari ochilgan.

"Chegara bilmas muxbirlar" mart oyining so‘nggi haftasida birdaniga ikki mustaqil jurnalist Viktor Krymzalov hamda Yelena Bondarga qarshi olib borilgan jinoyat ishlariga e‘tibor qaratadi.

Tashkilotning aytishicha, Krymzalov hech qanday dalilsiz Centrasia.ru veb sahifasida chop etilgan maqolani yozganlikda gumon qilinib, javobgarlikka tortilgan, Bondar esa "milliy , irqiy, etnik va diniy adovat qo‘zg‘ash"da ayblanmoqda.

Prokurorlar Yelena Bondarni tergov bilan hamkorlik qilish, aks holda 10 yillik qamoq jazosiga mahkum etilishi haqida ogohlantirishgan.

"Chegara bilmas muxbirlar" mart oyining o‘zida ikki jurnalistning O‘zbekistonga kiritilmaganini ham xotirlatgan.

O‘zbek rasmiylari BBC jurnalisti Natalya Antelava hamda Rossiyada chiqadigan "Novaya gazeta"ning sobiq muxbiri Viktoriya Ivlevalarni Toshkent aeroportidan badarg‘a qilishgan.

Jurnalistlarga nima uchun mamlakatga qo‘yilmaganlari sababi tushuntirilmagan.

Yana bir mustaqil jurnalist Aleksey Volosevich esa 28 mart kuni Toshkentdagi AQSh elchixonasiga kirishda pasportidagi ma‘lumotlarni yozib olmoqchi bo‘lgan militsiya xodimining talabini rad etgani uchun qisqa muddat hibsga olingan.

"To‘xtovsiz ta‘qiblar"

"Chegara bilmas muxbirlar" o‘z bayonotiga O‘zbekiston qamoqxonalarida jazo muddatlarini o‘tayotgan jurnalistlarning uzun ro‘yxatini ilova qilgan.

Image caption Yelena Bondar "milliy va irqiy adovat qo‘zg‘atish"da ayblanmoqda

10 kishilik ro‘yxatda 1999 yildan buyon qamoqda qolayotgan muxolifat nashri "Erk" gazetasining sobiq bosh muharriri Muhammad Bekjon, 2010 yilda mahkum etilgan taniqli jurnalist va futbol sharhlovchisi Xayrullo Hamidov hamda "nurchilik"da ayblanib qamalgan "Irmoq" oynomasining 6 nafar jurnalistlari bor.

"O‘zbekiston hukumati jurnalistlarni ta‘qib qilishni bir boshladimi, ko‘pincha o‘zini to‘xtata olmaydi", - deydi "Chegara bilmas muxbirlar".

Tashkilot shu yil yanvarida ruhiy shifoxonadan chiqarilganidan ko‘p o‘tmay g‘oyib bo‘lgan jizzaxlik mustaqil jurnalist Jamshid Karimovning taqdiri borasida hanuz hech qanday ma‘lumot yo‘qligidan xavotir bildirgan.

Kuzatuvchilar Prezident Islom Karimovning jiyani bo‘lgan Jamshid Karimovning majburiy davolanish uchun ruhiy shifoxonaga tashlanishini O‘zbekistondagi mavjud tuzumning qanchalik toqatsiz va shafqatsizligi ramzi sifatida ko‘radilar.

O‘zbekiston dunyodagi matbuot erkinligining ahvoli eng yomon bo‘lgan 10 ta davlat qatorida, Prezident Karimov esa davomli ravishda "internet dushmanlari" ro‘yxatidan joy olib keladi.

"Chegara bilmas muxbirlar"ning o‘z manba‘lariga tayanib, ma‘lum qilishicha, hozirda Prezident Islom Karimov Olmoniyaga safar qilishni rejalamoqda.

Tashkilot Olmoniya Kantsleri Angela Merkelni Prezident Karimovni qabul qilishga rozi bo‘lishdan avval "siyosiy shartlar" qo‘yish haqida ogohlantirgan.

Parijdagi jurnalistlarni himoya qilish tashkilotiga ko‘ra, qamoqdagi jurnalistlarni ozod etish va mustaqil matbuotga nisbatan ta‘qiblarni to‘xtatish asosiy talablardan bo‘lishi kerak.