Abu Hamza Amerikaga ekstradatsiya qilinadi

Image copyright BBC World Service
Image caption Abu Hamza AQShda umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin

Strasburg mahkamasi imom Abu Hamzani Amerikaga ekstradatsiya qilinishiga ruxsat bergan.

Radikal musulmon hisoblangan Abu Hamza va yana to‘rt kishi uzoq yildan buyon AQShga ekstradatsiya qilinish hukmiga qarshi kurashib kelishgan.

Oldinroq Inson huquqlari bo‘yicha Ovro‘po mahkamasi terrorizmda ayblanayotgan olti kishining besh nafarini Britaniyadan ekstradatsiya qilinishini orqaga surgan edi.

Oltinchi gumonlanayotgan shaxs Xorun Rashid Osvatning appelyatsiyasi haqida ruhiy tekshiruv xulosasi chiqmaganligi bois bir qarorga kelinmagan.

Britaniya hukumati uzoq yillardan buyon Abu Hamzani Amerikaga chiqarib yuborishga harakat qiladi.

2010 yilda Strasburg mahkamasi Abu Hamza ishi yuzasidan tanaffus e‘lon qilgan, bu ishni chuqurroq o‘rganish kerakligini bildirgan edi.

Amerikada Abu Hamzaga nisbatan 11 band bo‘yicha ayblov ilgari surilgan.

Jumladan u Yamanda g‘arbliklarni garovga olishga aloqadorlikda , shuningdek,1998-2000 yillarda Oregon shtatida terroristlarni tayyorgarlikdan o‘tkazish uchun jamlog‘lar tuzish va terrorizmni moliyalashtirishda ayblangan.

Ayni paytda Abu Hamza Britaniyada zo‘ravonlikni targ‘ib qilish va milliy nizolarni qo‘zg‘ash aybi bilan yetti yillik qamoq jazosini o‘tamoqda.

Abu Hamzaning himoyachilari u Amerikaga berilgan sharoitda unga bir umrlik qamoq jazosi berilishi mumkinligidan, qamoqda noinsoniy munosabatlarga duchor bo‘lishidan xavotirlarini bildirishgan.

Shunga qaramasdan, Strasburg mahkamasi olti gumonlanuvchidan beshtasini Britaniyadan Amerikaga ekstradatsiya qilinishi qonuniy, inson huquqlariga zid emasligi haqida qaror chiqargan.

Abu Hamza bilan birga AQShga berilishi mumkin bo‘lgan shaxslardan biri kompьterchi Babar Ahmad terroristik tashkilotlar uchun mablag‘ yig‘ishda ayblangan.

37 yoshli Babar Ahmad sakkiz yildan buyon mahkama hukmisiz qamoqda saqlanadi.

Yana ikki nafar ayblanuvchi, Odil Abdul Bori va Xolid Favvaz 1998 yil Keniya va Tanzaniyadagi Amerika elchixonasiga qilingan hujumlarni uyushtirishda ayblanishgan.

Ularning hisobida yangi ish ochish uchun yana uch oy muddat borligi aytiladi.

Britaniya matbuoti mahkama qarorini 2001 yil 11 sentyabr portlashlaridan buyon erishilgan muhim yutuqligini, Amerika hukumati boshqa gumonlanuvchilarni ham ekstradatsiya qilinishiga erishishi mumkinligiga umid qilsa bo‘lishini yozgan.

Abu Hamzaning asl ismi Mustafo Kamol Mustafo bo‘lib, Misrda tug‘ilgan.

1979 yil Londonga muhandislikka o‘qishga keladi.

1990 yillarning boshida Afg‘onistonga ketib, o‘zining aytishicha, "kofirlarga qarshi muqaddas urush"da qatnashadi.

Londonning Finsburi-park tumanidagi machitda imomlik qilib, musulmonlar orasida o‘zining va‘zlari bilan taniladi.

Abu Hamza o‘zining terrorizmga aloqadorligini rad qilib keladi.