Qirg‘iziston: muxolifat Jalol-Oboddagi namoyishda ham hukumat iste‘fosini talab qildi

Image copyright Aibek Abduldayev
Image caption Muxolifat 1- va 31-mart kunlari ham ommaviy norozilik namoyishlari uyushtirgandi

Qirg‘iziston janubidagi Jalol-Obod shahrida muxolifat norozilik namoyishini o‘tkazgan.

Namoyishga parlamentda muxolifat fraktsiyasini tuzgan "Ata-Jurt", Adaxan Madumarov rahbarligidagi "Butun Qirg‘iziston", Ush shahri meri Melis Mirzakmatov tashkil etgan "Uluttar birimdigi"("Millatlar birligi"), Kommunistlar partiyasi va boshqa siyosiy birlashmalar a‘zolari va tarafdorlari to‘plangan.

Namoyishchilar hukumatning iste‘foga chiqishini, xalq ishongan hukumat tuzishni hamda aprel va iyun voqealarining haqiqiy aybdorlarini topishni talab qilishgan.

Jalol-Oboddagi norozilik namoyishida olingan fotosuratlar

Namoyishchilar o‘sha hodisalar bo‘yicha hech qanday natija yo‘q, deyishgan, "Bosh prokuror lavozimidan chetlatilsin", degan shiorlar ham yangragan.

Aprel voqealari davomida ba‘zi banklarda saqlangan moddiy boyliklarni talon-taroj qilganlarning shaxslarini aniqlash va haqiqiy konstitutsion islohotlarni amalga oshirish ham talab qilingan.

Qirg‘iziston Kommunistlar partiyasi raisi Isxak Masaliyev bildirishicha, davlat parlamentida o‘z deputatlik joylari va mandatlarini pulga sotib olganlar yig‘ilgani bois Oliy Kengash amalda xalqni taqdim etadigan organ bo‘la olmay qolgan.

"Butun Qirg‘iziston" partiyasi rahbari Adaxan Madumarovga ko‘ra, joriy hokimiyat “jamiyatni "akayevchilar", "bakiyevchilar" va "revanshistlar" deya ajratmoqda, taqsimlamokda".

Hamda janob Madumarov aytishicha, Qirg‘izistondagi davlat boshkaruvining parlament shakli o‘zining qudratsiz ekanligini namoyish etgan.

Muxolifat vakillariga muvofiq, ushbu tadbirga davlat janubidan tashqari, shimoldagi Talas, Issiq-Ko‘l va Chuy viloyatlaridan ham ancha vakillar ishtirok etganlar.

Namoyishchilar parlament saylovoldi tadbirlarda joriy Bosh vazir O‘murbek Babanov dehkonlar sharoitini yaxshilashga va‘da bergan edi, o‘sha va‘dasining ustidan chiqmadi, deya g‘azablanganlar.

Tashkilotchilarga binoan, ushbu norozilik namoyishida 20 ming ishtirokchi qatnashgan.

Ijtimoiy tartib nazoratiga mas‘ul Jalol-Obod viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga ko‘ra, namoyishga yig‘ilganlarning soni besh mingdan ortmagan.

Bundan oldin ham - shu yilning 1-chi va 31-chi mart kunlarida Qirg‘iziston muxolifati davlat janubidagi O‘sh va Botken viloyatlarida ham norozlik namoyishlari uyushtirgan edilar.