Janao‘zen mahkamasi: ayrim jabrlanuvchilar moddiy zarar da‘volaridan voz kechganlar

Qozog‘istonda Janao‘zen hodisalari bo‘yicha o‘tayotgan mahkamada jabrlanuvchilardan ayrimlari ayblanuvchilar bo‘yniga qo‘yilgan modda zarar da‘volaridan voz kechganlar.

Mahkamani kuzatayotgan jamoatchilik vakillariga ko‘ra, hakam bir necha ayblanuvchining qiynoqlarga tutilgani haqidagi ko‘rsatmalari haqida so‘zlab berishlariga izn bermagan, bu bilan hakamning o‘zi qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan.

O‘tgan yil dekabrida neftchilar shahri Janao‘zenda 17 inson o‘limiga sabab bo‘lgan tartibsizliklarda ayblanib 37 kishi mahkamaga tortilgan.

Aqtau shahrida o‘tayotgan mahkamaning so‘nggi tafsilotlarini jarayonni kuzatayotgan Qozog‘istondagi "Liberti" ijtimoiy jamg‘armasi rahbari Galim Ageleuov BBCga so‘zlab berdi.

Galim Ageleuov: Hozir mahkama jarayonida jabrlanuvchi tomonning ko‘rsatmalari nihoyasiga yetayapti. Ular asosan Janao‘zenda istiqomat qiladigan insonlar va tadbirkorlardir. Shu paytgacha ko‘rsatma bergan 50 dan ortiq jabrlanuvchining deyarli hammasi o‘zlarining moddiy zararni undirish da‘volaridan voz kechishlarini e‘lon qildilar. Bu jinoiy ishga politsiyachilar ham jabrlanuvchi sifatida kiritilganlar. Mahkamada ko‘rsatma berganlar orasida bir tergovchi ham bor edi. U o‘zi Janao‘zen hodisalari bo‘yicha tergovni olib borgan odam, mahkamada esa jabrlanuvchi sifatida ko‘rsatma berdi.

Savol: Agar jabrlanuvchilar moddiy zarar da‘volaridan kechgan bo‘lsalar, ularning Janao‘zen hodisalari oqibatida ko‘rgan zararlari miqdori qancha deb baholangan?

Galim Ageleuov: Moddiy zarar miqdori juda ulkan deb baholangan. Misol uchun "Kazmunaygaz" shirkati o‘z moddiy zararlarini undirish maqsadida alohida fuqarolik sudiga murojaat qilishini e‘lon qilgan, shirkat o‘zining zarari miqdorini 1 milliard 200 million Tengega baholagan. Bu zarar miqdorini xususiy bir shirkat hisoblab chiqqan. Hozir aniq bo‘layaptiki, hukumat e‘lon qilayotgan tadbirkorlar, xususiy shirkatlarning zararlari miqdori mustaqil hisob-kitoblarga solishtirganda 30-40 foiz ko‘p bo‘lib chiqayapti. Ya‘ni, rasman zararlar miqdori mahkamada oshirib ko‘rsatilgan.

Savol: Mahkamada ko‘rsatma berayotganida ayblanuvchi o‘zining qiynoqlarga tutilgani haqida gapirishni boshlaganida hakam uning so‘zlarini bo‘lgani va bu haqda keyin ko‘rsatma berish fursati bo‘ladi, deb aytgani haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi. Bu xabarlar to‘g‘rimi?

Galim Ageleuov: Ha, mahkamaning birinchi kunidayoq advokatlar o‘z himoyasidagilarning qiynoqlarga solingani masalasini ko‘tardilar. Hakam advokatlarning bu bayonotlariga nisbatan hech qanday munosabat bildirgani yo‘q. Ko‘rsatma berayotgan tobora ko‘p sondagi ayblanayotganlar o‘zlarining qiynoqqa tutilganlarini aytmoqdalar. Shu paytgacha 4-5 ayblanuvchi bu haqda ko‘rsatma berdi. Misol uchun bugun ham Abdurahmonov degan ayblanuvchi ko‘rsatma berdi. U qo‘lga olinishi bilan ustiga sovuq suv sepilganini aytdi. Bu dekabr oyida bo‘lgan hodisa. Shundan keyin u silga chalingan. U silning ochiq turini yuqtirganiga qaramasdan, uni boshqa mahbuslardan ajratishgani yo‘q. U o‘zining tun bo‘yi kaltaklangani, sovuq temir polda ushlab turishgani va og‘zidan qon kelib tibbiy yordam so‘raganida shifokorni chaqirishmaganini aytdi. U mana shu gaplarini aytar ekan, boshidan oxirigacha hakam uning gaplarini bo‘lib, to‘xtatishga harakat qilib o‘tirdi. Ayblanuvchi yoki boshqa biror kishi Janao‘zenda namoyishchilarning militsiya, OMON tomonidan o‘qqa tutilgani haqida guvohlik berishni boshlashi bilan hakam ularni to‘xtatayapti, ularni gapirishga qo‘ymay, otishma hodisalari alohida ko‘rib chiqiladi, ana o‘shanda gapirasiz, deb tuxtatayapti.

Savol: Bu borada huquqshunoslar qanday fikrdalar - hakamning bu amallari qonunchilikka qanchalar to‘g‘ri keladi?

Galim Ageleuov: Tabiiyki, bu qonunni buzish hisoblanadi. Hakam advokatlarning ham gapirishlariga yo‘l bermayapti. Advokatlar biror narsaga oydinlik kiritish maqsadida bergan savollarini ham "savolingiz noo‘rin" deya rad etayapti. Lekin mahkamada haqiqatning tagiga yetish uchun har bir kichik unsur ham muhim, hodisalar rivojining har bir daqiqasiga oydinlik kiritib borish zarur. Mahkamani kuzatayotgan xalqaro tashkilotlar, mahalliy tashkilotlar vakillari ham jarayon noto‘g‘ri borayotganini allaqachon qayd etishdi, mahkama haqida allaqachon salbiy munosabat bildirilayotganini ham ko‘rish mumkin.