Fuqaro jamiyati faollari Yelena Urlayevaning taqdiridan xavotirda

Image caption Yelena Urlayeva avval ham ruhiy shifoxonada majburan davolangan

O‘zbekistonlik bir guruh inson haqlari faollari Toshkentdagi ruhiy shifoxonada qolayotgan taniqli huquq himoyachisi Yelena Urlayevaning taqdiridan xavotir bildirishgan.

O‘zbekistondagi fuqaro jamiyati vakillari nomidan tarqatilgan murojaatda Urlayeva xonimda birdan ruhiy muammolar paydo bo‘lganining asl sabablarini o‘rganish va xalqaro Qizil Xoch tashkiloti hamda O‘zbekistondagi Ovro‘po va AQSh elchixonalari vakillarining u bilan ko‘rishishiga izn berishga chaqirilgan.

O‘zbekiston hukumatining ashaddiy tanqidchisi bo‘lgan 52 yoshli Yelena Urlayeva 5 aprel kuni yaqinlarining murojaati asosida Toshkent shahar ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, Toshkentdagi mahkama huquq faolini majburan davolash haqida qaror chiqargan.

Yelena Urlayeva 2000 yilda ham mahkama qarori bilan ruhiy shifoxonaga yotqizilgan edi.

Faollar uni inson huquqlari sohasidagi faoliyati uchun jazolangan, deb ishonishadi.

Keyinroq moskvalik ruxshunoslardan iborat mustaqil hay‘at Urlayeva xonimning ruhan sog‘lom ekani haqidagi xulosani taqdim qilgan.

O‘g‘li Denis Urlayevning BBCga ytishicha, hozirda onasi o‘zini yaxshi his qilmoqda.

"U hozir o‘zini yaxshi his qilayapti, o‘z holiga qaytgan, avval qanday bo‘lsa, shunday hozirda", deydi Denis Urlayev.

Ammo u onasiga qanday muolaja qilinayotgani va qancha muddat shifoxonada qolishini bilmasligini aytdi.

Murojaatga imzo qo‘ygan Toshkentdagi "Ekspert Ishchi Guruhi" rahbari Suhrob Ismoilovning aytishicha, yaqinlarining so‘zlari huquq himoyachisining taqdiri bilan bog‘liq xavotirlarni arita olmaydi.

"Oila a‘zolari ham, biz ham mutaxassis emasmiz, uning ruhiy holati haqida xulosa chiqara olmaymiz. Shuning uchun ham mustaqil tibbiy komissiya tekshiruvi muhim", - deydi Suhrob Ismoilov.

Uning aytishicha, Yelena Urlayeva avvalroq hamkasblariga o‘ziga qarshi ta‘qiblar kuchaygani va uni yana ruhiy shifoxonaga tashlashlari mumkinligini aytgan.

"Elena Urlayeva o‘zining faol mavqeyi va o‘zi tayyorlagan hisobotlar bilan hukumatning g‘ashiga tegib kelayotgan edi", - deydi Suhrob Ismoilov.

Hamkasblarining aytishicha, Urlayeva xonim may oyi so‘nggida Jenevada o‘tadigan xalqaro yig‘inda O‘zbekistondagi inson huquqlariga doir mustaqil hisobotni taqdim etishi kutilayotgandi.

Turkiyaga safar

So‘nggi hodisa Yelena Urlayeva Turkiya safaridan qaytganidan bir necha kun o‘tib, sodir bo‘lgan.

Turkiyada Yelena Urlayevaga mezbonlik qilgan taniqli shoir va muxolifat rahbari Muhammad Solih bir bayonot tarqatib, inson huquqlari faolining Turkiyaga safari tafsilotlarini ochiqlagan.

Unga ko‘ra, Urlayeva xonim Turkiyaga ozgina dam olish va sog‘lig‘ini tiklash niyatida tashrif buyurgandi, shuningdek, inson haqlari himoyachilari bilan ham ko‘rishish rejasi bor edi.

"Urlayevaning buyragi kasal ekan, mening rafiqam (muqobil tib mutaxassisi) unga davolanish dasturi yozishga va‘da berdi. Urlayeva o‘ziga ko‘rsatilayotgan samimiyat va e‘tibordan g‘oyat mamnun edi", - deya eslaydi Muhammad Solih.

Uning tasdiqlashicha, Yelena Urlayeva Toshkentga qaytishidan bir kun avval Islomni qabul qilishga qaror qilganini aytgan.

"Men ayolimning bunday qaror bir kunda qabul qilinmaydi, deganini eslayman. Na men va na ayolim uni musulmonlikka da‘vat etganimiz yo‘q. Ammo Urlayeva bizning oiladagi muhit va Turkiyadagi insonlarning muomalasidan ta‘sirlanganini aytdi", - deydi Solih janoblari.

Ruhiy shifoxonadagi "bayonot"

Mustaqil Uznews.net nashri Yelena Urlayevaning Turkiyada go‘yoki unga "nimadir ichirib qo‘yishgani" haqidagi so‘zlarini keltirgan.

O‘g‘li Denis Urlayev BBC bilan suhbatda uning bu so‘zlarini tasdiqlamadi ham, rad ham etgani yo‘q.

"Men hech narsani tasdiqlamoqchi ham, rad ham qilmoqchi emasman. Uning shaxsan o‘zi shifoxonadan chiqqandan keyin gapirib bergani ma‘qulroq. O‘shanda haqiqat ma‘lum bo‘ladi. U hozir o‘zini yaxshi his qilayapti, o‘z holiga qaytgan, avval qanday bo‘lsa, shunday hozirda. Uning shifoxonada qancha muddat qolishini bilmayman. Men bugun shifokorlardan qanday muolaja qilinayotganini so‘ramoqchiman", - deb aytdi Denis Urlayev.

BBC bilan suhbatda Muhammad Solih ruhiy shifoxonadagi inson haqlari himoyachisiga nisbat berilgan bu bayonotdan hayratga tushganini aytadi.

"Urlayeva bu so‘zlarni haqiqatan ham aytganmi, aytmaganmi, qorong‘u. Men uning tilidan bunday bir narsa eshitmadim. Aytgan bo‘lsa, mutlaqo tashqi ta‘sir tufayli aytgan bo‘lishi mumkin", - deydi Muhammad Solih.

Yelena Urlayevani dushanba kuni ruhiy shifoxonaga borib ko‘rgan Mustaqil Inson Huquqlari Himoyachilari Alyansi faoli Bahodir Namozovning aytishicha, Urlayeva u bilan uchrashuv chog‘ida bu kabi da‘voni ilgari surmagan.

"Elena xali shifoxonada, davolanayapti, hozircha har-xil farazlarni ilgari surish noto‘g‘ri menimcha", - deydi Bahodir Namozov.

Ammo u Yelena bilan sodir bo‘lgan hodisa hamda uning Turkiyaga safari o‘rtasida bog‘liqlik bo‘lishi mumkinligini istisno qilmaydi.

"Muhammad Solih bilan muloqot qilgan shaxslarga O‘zbekiston ichkarisida qattiq hujum bo‘layapti", - deydi u.

Muhammad Solihning o‘zi esa, Urlayeva xonim Istanbulga kelganida ham, qaytayotganida ham sog‘lom bo‘lgani, bu ikki orada nimalar sodir bo‘lgani haqida faqat taxmin qilish mumkinligini aytadi.

"Menga yaqin bo‘lgan, bizga xayrxoh bo‘lgan insonlar totalitar rejim tarafidan har doim qattiq zulm ko‘rdi. Yelenaning bugungi ahvoli ham ana shu zulmning bir ko‘rinishi bo‘lishi mumkin, degan faraz ham yo‘q emas menda", - deydi Muhammad Solih.