Buxoro viloyatida maosh berishning yangicha usuli o‘ylab topildi

Image copyright AP
Image caption Maosh o‘rniga jo‘ja berish Buxoro viloyatining barcha tumanlarida yo‘lga qo‘yilgani aytiladi

Buxoro viloyatida davlat byudjetidan maosh oladiganlar bilan hisob-kitob qilishning yangicha usuli joriy etilgani haqida xabarlar kelmoqda.

Unga binoan o‘qituvchi va shifokorlarga maoshlarining bir qismi o‘rniga jo‘jalar tarqatiladi.

Bu borada viloyatning Vobkent tumani ancha faollik ko‘rsatmoqda.

Shu kungacha tumanda 19 mingdan ortiq jo‘ja sotilgan bo‘lsa, shuning 4,5 mingtasi muhtoj oilalarga tekinga berilgan.

Hokimlik yangicha oylik to‘lash uslubi ixtiyoriy ravishda amalga oshirilayotganini aytmoqda, ammo ko‘p qavatli uylarda turuvchi o‘qituvchilar ham jo‘ja sotib olishga majbur bo‘layotgani aniqlangan.

BBC bilan suhbatda bo‘lgan Vobkent tumanidagi maktablarning birida laborant bo‘lib ishlovchi xodima ko‘p qavatli uyda turuvchi va maktabda ishlovchi yaqin qarindoshi tovuq boqishga sharoiti yo‘qligidan jo‘jalarni hovli uyga olib kelib tashlaganini aytadi.

"Qaynopamizning sharoiti yo‘q bo‘lgani uchun bizlarnikiga olib keldi. U kishi domda yashaydi. Domda yashasa ham maktabdan berilgan. Nima sababdan olishga majbur bo‘lganini bilmayman", - deydi vobkentlik maktab xodimasi.

BBC qo‘ng‘iroq qilgan tumandagi boshqa maktab xodimlari ham hokimiyat tomonidan jo‘ja berilganini va ommaviy ravishda maosh hisobiga 5 va 10 tadan sotib olinganini tasdiqlashdi.

Oyligi ko‘proq bo‘lgan o‘qituvchilar 10 tadan jo‘ja olgan bo‘lsa, kamroq maosh oluvchi laborantlarga 5 tadan jo‘ja berilgan.

Ammo hokimiyat vakillari jo‘jalar ixtiyoriy ravishda tarqatilayotgani va bu masalada hech kim majburlanmayotganini aytishadi.

Vobkent tuman hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mahmud Halimovning BBCga aytishicha, Serbiyadan tuxum holida olib kelinib, Buxoroda ochirilayotgan jo‘janing bahosi 5500 so‘m va tumandagi istagan odam uni sotib olishi mumkin.

Shu paytgacha 20 mingga yaqin jo‘ja sotilgan.

Hokim o‘rinbosarining aytishicha, ushbu tadbirdan hokimiyat foyda ko‘rmaydi.

"Bizlarga bir tiyinlik foydasi yo‘q. Maqsad aholini tuxum bilan ta‘minlash. Bu jo‘jalar bir yarim oydan keyin tuxumga kiradi. Agar bitta tovuq bir oyda o‘rtacha 20 ta tuxum bersa, tovuqlarning 7-8 tasi muqim tuxum qo‘ysa, o‘shaning o‘zi 45-50 ming so‘m bo‘ladi. Jo‘jalarning narxi bir oyda chiqib ketadi. Hozir ba‘zi xonadonlar 1-2 oy umuman tuxum ko‘rmaydi. Ham farzandi, ham o‘ziga foyda. Oilasi uchun iqtisodiy manfaat bo‘ladi", - deydi Mahmud Halimov.

Hokim o‘rinbosariga ko‘ra, ushbu tadbir Vazirlar mahkamasining ko‘rsatmasi asosida butun Buxoro viloyatida amalga oshirilmoqda.

Jo‘ja sotish boshlangan kezlarda aholi o‘rtasida ishonchsizlik bo‘lgan, odamlar jo‘jalar yosh va tez nobud bo‘lishidan qo‘rqishgan.

Ammo turli kasalliklarga qarshi emlangan keyin hozir talab ortgan va yana 40 ming jo‘jaga buyurtma kelib tushgan.