Samarqandda qishloq aholisi nima uchun tomorqalaridan ayrildi?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Samarqand viloyati Oqdaryo tumani jamoa xo‘jaliklaridan birining aholisi mahalliy hokimlar xalqqa tazyiq o‘tkazayotganidan shikoyat qilib, ularning noqonuniy faoliyatlariga chek qo‘yilishiga maktub orqali umid bildirishgan.

"Biz bu xatni pichoq suyakka qadalganidan keyin yozishga majbur bo‘ldik", deya boshlanadi sobiq Ulug‘bek jamoa xo‘jaligidan olingan maktub.

Ushbu jamoa xo‘jaligi aholisi nomidan BBC bilan suhbatlashgan maktub mualliflaridan biriga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun ajratib berilgan yerlar olib qo‘yilgan, bu o‘z navbatida aholi farovonligiga katta zarar yetkazgan.

Shikoyat xatida aytilishicha, qishloqda yashovchi oilalarga O‘zbekiston mustaqillik davlat deb e‘lon qilinganining ilk yillarida 25 sotixdan yer ajratilgan. Lekin, tomorqalarning paxta maydonlariga aylantirilishi va‘ji bilan oilalarning ziroat ekinlari vayron qilingan.

Image caption Qishloq aholisi yerlari tortib olinishi haqida ogohlantirilmagan

"2011 yil may oyiga kelib qo‘shimcha tomorqalarni tortib olarmish, o‘rniga paxta ekarmish, degan gap yashin tezligida tarqaldi. Kimdir ishondi, qim esa yo‘q. Lekin ko‘p o‘tmay MAGUM traktori bilan rahbarlar yetib kelishdi va qo‘shimcha tomorqalarni bir boshidan, o‘sib turgan piyoz, no‘xat, kartoshka, qisqasi bug‘doydan boshqa hammasini haydab, ag‘darib tashladi", deyiladi xatda.

O‘z ismi sir qolishini so‘ragan suhbatdoshning BBCga aytishicha, hokimiyatning bu amali ko‘plarning noroziligiga sabab bo‘ldi.

"Haydamaysan deb, traktorni tagiga yotib olganlar bo‘ldi. Ekingan ekinlarni haydab tashladi", - deydi u.

Suhbatdosh hokimiyat tomonidan hech qanday ogohlantirish yo izoh berilmaganini bildirdi. Uning fikrida, mazkur chora tomorqa egalari emas, balki fermer xo‘jaliklariga qaratilgan siyosat bo‘lgan bo‘lishi kerak.

U huquq-tartibot xodimlari tomonidan aholiga katta tazyiq va bosimlar o‘tkazilganini aytadi.

"Hattoki gaplashishni xohlamadi. So‘kib, haqorat qildi. Kelib organ xodimlari, qo‘rqitib, qamaymiz deb, (odamlarni) tarqatvorishdi", - deydi u.

Suhbatdosh hozirda tortib olingan yerlarda paxta ekilayotganini aytadi.

"Ushbu maktubni bitishdan maqsad andishani otini qo‘rqoq bilib, berilgan mansab vakolatidan xohlaganicha foydalanib, oddiy xalqqa tazyiq o‘tkazib kelayotgan vijdonsiz insonlarni tartibga chaqirish" deyiladi maktub yakunida.