Tolib Yoqubov: "Bu tuzum o‘zini saqlash uchun harakat qilayapti"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Sirdaryolik inson huquqlari faoli Alisher Karomatov ozodlikka chiqarilgan.

O‘zbekistonda norasmiy Inson Huquqlari Jamiyatining faoli bo‘lgan Alisher Karomatov va A‘zam Farmonov 2006 yil iyunida tovlamachilikda aybdor deb topilib, 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

44 yoshli Alisher Karomatov qamoqqa olingunga qadar fermerlar va nogironlarning ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarini himoya qilib kelgan.

Human Rights Watch A‘zam Farmonov va Alisher Karomatovga chiqarilgan hukmni fuqarolik jamiyatiga qarshi O‘zbekiston hukumati tomonidan olib borilayotgan kampaniyaning bir qismi deb aytgan.

Tashkilot O‘zbekiston hukumatini inson huquqlari faollarini ta‘qib etish bilan o‘zgacha fikrlovchilarning ovozini o‘chirishga harakat qilayotganlikda ayblagan.

Ikki inson huquqlari himoyachisining Xovost shahridagi hibsxonada saqlangan paytlarida oyoq va tovonlariga to‘qmoq bilan urilgani, protivogaz kiygizilib bo‘g‘ilganlari hamda o‘zlarining aybdorliklari haqidagi hujjatlarga qo‘l qo‘yishga majburlanganliklari xabar qilingan.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Alisher Karomatov va A‘zam Farmonovning fermerlar shikoyatlarini tekshirishgani, mahalliy mulozimlar dehqonlarga bosim o‘tkazishgani, ikki faolga qarshi tovlamachilik borasida ko‘rsatma berishga majburlanganlari haqida ma‘lum qilganlar.

Inson huquqlari tashkilotlari Karomatov va Farmonovga nisbatan qo‘zg‘atilgan ish ortida siyosiy sabablar turganini bildirganlra.

Alisher Karomatovga nisbatan O‘zbekistonda e‘lon qilingan avflar qo‘llanilmagan, bunga uning qamoqxona ichki tartibini buzgani sabab qilib ko‘rsatilgan.

Chiqarilgan hukmdan ikki yil o‘tib Alisher Karomatovning yaqinlari uning sil kasaliga chalinganini ma‘lum qilganlar.

Namuna Karomatova turmush o‘rtog‘i Alisher Karomatovning inson huquqlari himoyachisi sifatidagi faoliyati tufayli o‘ziga ham bosimlar kuchayganini, oqibatda Sirdaryo viloyatidan ketishga majbur bo‘lganini aytgan.

Inson Huquqlari Jamiyatining sobiq raisi Tolib Yoqubov O‘zbekistonda jamiyat faollariga nisbatan ta‘qib va tazyiqlar hamon davom etayotganini aytadi.

Tolib Yoqubovga ko‘ra, oxirgi yillarda jamiyatning 11 faoli jinoiy javobgarlikka tortilgan.

"O‘tgan yilidan buyon ulardan faqat uch nafari ozod etildi", - deydi Tolib Yoqubov.

Uning ta‘kidlashicha, yaqin kelajakda O‘zbekistonda huquqbonlarga nisbatan ta‘qib va tazyiqlar to‘xtamaydi.