"Metin Mextiyev qotilligi Rossiya bosh prokurori shaxsiy nazoratiga olinsin"

Image caption Yosh musulmon faolning shafqatsiz o‘ldirilishi ko‘pchilikni larzaga solgan.

Rossiya Muftiylari Kengashi raisi Ravil Gaynutdin Moskva shahrida o‘ldirilgan musulmon faol Metin Mextiyev o‘limi yuzasidan tergovni o‘z shaxsiy nazoratiga olishni so‘rab Rossiya Bosh prokurori Yuriy Chaykaga murojaat qilgan.

"Tergov asosiy versiya sifatida bosqinchilikni tanlashi mumkinligi va millatchi-ekstremistlarning ehtimoliy aloqadorligini inobatga olmasligi mumkinligi munosabati bilan ushbu tergovni o‘z shaxsiy nazoratingizga olish va uning har tomonlama va xolisligini ta‘minlashingizni so‘raymiz", deyiladi muftiylar kengashi raisining rasmiy murojaatida.

Huquq-tartibot organlari "qotillik" bandi bo‘yicha jinoyat ishi ochganini ma‘lum qilganlar.

33 yoshli Metin Mextiyev 10 aprel tunida Moskvadagi o‘zi ijarada yashaydigan uy yaqinida pichoqlab o‘ldirilgan.

Rossiya Ichki ishlar vazirligidan bildirishlaricha, Moskvaning Belorusskiy vokzali yaqinida tanasida ko‘p pichoq izlari bo‘lgan inson jasadi topilgan.

Qotil Metin Mextiyevning bo‘yniga pichoq tortgan, so‘ng yuziga bir necha marta pichoq urgan.

Ayrim xabarlarda yosh musulmon faolga hujum qilganlarning bir necha kishi bo‘lgani aytilgan.

Dastlabki ma‘lumotlarga ko‘ra, u uyidan kechki soatlarda oziq-ovqat mahsulotlari sotib olish uchun chiqqan va rafiqasi hamda ikki oylik farzandining qaytishini kutib turgan paytida hujumga uchragan.

Metin Mextiyev Rossiya Ovro‘po qismi musulmonlari diniy idorasida ishlagan.

Bundan oldin u Islomiy madaniy markazda asosan xalqaro aloqalar bilan shug‘ullangan.

Dastlabki tergov taxminicha, qotillik bosqinchilik maqsadida sodir etilgan bo‘lishi mumkin.

Tergov qo‘mitasi Metin Mextiyevning qimmat mobil telefoni, 5-6 ming rubl puli va uyining kaliti olib ketilganini aytgan.

Asli kelib chiqishi Ozari Metin Mextiyev Moskada tug‘ilgan, mustaqil hayotga qadam qo‘yganidan keyin bir necha yil Ozarbayjonga borib ishlagan va biroz muddatdan keyin Moskvaga qaytgan.