Kobulda Tolibon jangarilari bilan 18 soat jang davom etgan

Image copyright BBC World Service
Image caption Yakshanba kuni tushdan keyin boshlangan janglar dushanba tongida tugagan.

Afg‘on rasmiylariga ko‘ra, yakshanba kuni Kobulda boshlangan Tolibon jangarilarining hujumi dushanba tongida Afg‘oniston parlamenti yaqinidagi binoga joylashib olgan so‘nggi jangarini o‘ldirish bilan yakunlangan.

Kobul politsiyasiga ko‘ra, 36 jangari, sakkiz Afg‘on xavfsizlik kuchlari xodimi halok bo‘lgan.

Halok bo‘lganlar orasida 3 tinch fuqaro bor, deya xabar bergan Afg‘oniston Ichki ishlar vaziri Bismilloh Muhammadiy.

Jami 65 kishi jarohatlangani, ulardan 25 nafari tinch fuqarolar ekanini aytgan ichki ishlar vaziri.

Rasmiylar Afg‘oniston ikkinchi vitse-prezidenti Muhammad Karim Haliliyga suiqasd qilish maqsadida bo‘lgan ikki xudkush hujumchini qo‘lga olganlari haqida ham xabar qilganlar.

Jangarilar yakshanba kuni tushdan keyin Kobulning xorijiy elchixonalar, NATO qarorgohi va Afg‘oniston parlamenti joylashgan tumanlariga hujumlarni boshlashdi.

Elchixonalar binolariga raketalar otildi.

Rasmiylarga ko‘ra, Kobul markazidagi Vazir Akbar Xon tumanida qurilayotgan binodan jangarilar o‘zlarining bazasi sifatida foydalanganlar, so‘nggi jangari o‘sha binoda o‘ldirilgan.

Muvofiqlashtirilgan hujumlar borasida Tolibon bayonot e‘lon qilgan.

Ularga ko‘ra, bu hujumlar NATOning Tolibon kuchsizlandi, degan bayonotlariga javob bo‘lgan.

"Bu hujumlar bahorgi hujumlarning boshlanishi va biz ularga bir necha oy davomida tayyorgarlik ko‘rdik", deb aytgan Reyters axborot agentligiga Tolibon so‘zchisi Zabihulloh Mujohid.

Hujumlarda Haqqoniy guruhining a‘zolari qatnashgani haqida xabarlar tarqalgan.

Jangarilar Lo‘g‘ar viloyatidagi hukumat binolari, Jalolobod shahrining aeroporti, Pktiya viloyatining Gardez shahridagi politsiya idoralariga ham hujumlar uyushtirishgan.

Afg‘onistondagi NATO kuchlari Kobuldagi jangarilar hujumini bartaraf etishda ishtirok etmaganlarini aytganlar.

Afg‘on parlamentining a‘zosi Shukriya Barakzay Tolibon qurollilari bilan jang uzoq davom etganini nazarda tutib, bu Afg‘on xavfsizlik kuchlarining xorijiy dastaksiz isyonchilarga qarshi tura olishlariga shubha qilishini aytgan.

Barakzay xonim rasmiylardan nega janglar buncha uzoq davom etgani haqida "aniq javob olishni" istashini aytgan.

Muxbirlarga ko‘ra, jangarilarning Kobulning qoq markaziga hujum qilishga qodir ekanliklari Afg‘on xavfsizlik kuchlariga ishonch susayishiga olib kelgan.

Shuningdek, oxirgi janglar Afg‘onistondan 2014 yilda NATO qo‘shinlari chiqib ketganidan keyingi xavfsizlik borasida ham xavotirlarni kuchaytirgan.