Muhammad Solih: Afg‘oniston uchun G‘arbning O‘zbekiston bilan hamkorligi uzoqni ko‘zlamaslik

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Image copyright bbcuzbek.com

O‘zbek muxolifati lideri Muhammad Solihga ko‘ra, Britaniya va G‘arbning Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqish borasida O‘zbekistondagi tuzum bilan hamkorligi bir martalik va uzoqni ko‘zlamagan hamkorlikdir.

BBC bilan suhbatda Muhammad Solihning aytishicha, xavfsizlik manfaatlaridan kelib chiqayotgan G‘arbning joriy siyosati mintaqadagi demokratik kuchlarga noto‘g‘ri mujda yo‘llaydi.

Afg‘onistondan xorijiy kuchlarni olib chiqish muddati etib 2014 yil belgilangan.

Ammo oxirgi yillarda xorijiy kuchlarning asosiy ta‘minot yo‘li bo‘lgan Pokistonning qavmlar nazoratidagi hududlariga ishonch yo‘qoldi, jangarilar ta‘minot yuklari ortilgan karvonlarga ko‘p bora hujumlar uyushtirdi.

2011 yil noyabrida Pokiston-Afg‘oniston chegarasini Afg‘oniston hududidan NATO kuchlari havo hujumiga tutdi, oqibatda 24 Pokiston chegarachisi halok bo‘lgan.

Buning ortidan Pokistonning AQSh va NATO bilan munosabatlari yomonlashdi, Pokiston o‘z hududidan o‘tuvchi ta‘minot yo‘lini yopib qo‘ygan.

Ushbu vaziyat Afg‘onistondan chiqib ketish taraddudini ko‘rayotgan hamkorlarni "o‘z nigohlarini Afg‘onistonning shimoliga qaratishlariga" undagan.

O‘zbek-Afg‘on chegarasidagi Termiz aeroportida Olmoniya kuchlari joylashtirilgan.

Qirg‘izistonning Bishkek aeroportidagi "Manas" aeroportida AQShning tranzit markazi joylashgan.

G‘arblik siyosatchilar Rossiyaning Ulyanovsk shahri aeroporti bo‘yicha, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston hududlaridan foydalanish bo‘yicha muzokaralarni kuchaytirganlar.

Yil boshidan buyon Toshkentga ham qator NATOga a‘zo mamlakatlar siyosatchilari tashrif buyurdilar.

Britaniyadagi tahlilchilarga ko‘ra, oxirgi vaqtda Britaniya hukumati a‘zolari O‘zbekistonga tez-tez safar qilib turishibdi, biroq aynan qanday masalalar haqida o‘zaro kelishilayotgani sir tutilmoqda.

Bir necha kun oldin Britaniya hukumatining nufuzli a‘zosi, iqtidordagi konservatorlar partiyasi raisdoshi Baronessa Varsi O‘zbekistonga uch kunlik safarda bo‘lib qaytgan.

Britaniya matbuotida O‘zbekiston hukumati o‘z yordami evaziga Britaniya hukumati oldiga mushkul talablar qo‘ygani haqidagi maqolalar paydo bo‘ldi.

Xalqaro tashkilotlar va o‘zbekistonlik faollar O‘zbekiston hukumati bilan hamkorligi uchun G‘arb siyosatchilarini ikki standart siyosatini yuritayotganlikda ayblamoqdalar.

Faollarga ko‘ra, G‘arb Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqishda O‘zbekistonga muhtojligi borligi uchun ham O‘zbekiston hukumatining jamiyatni demokratlashtirishni istamayotganini ko‘rib ko‘rmaslikka olmoqda, inson huquqlarining qo‘pol poymol etilishi hollariga ko‘z yummoqda.

Muxolifat yetakchisi Muhammad Solih aytishicha, G‘arbning ushbu hamkorligi O‘zbekiston hukumatining "davom etayotgan repressiyalarini yashirishga xizmat qiladi".

"G‘arb siyosatchilari bu hamkorlikka majbur bo‘layotganlarini tan olayotganlari yaxshi, biroq biz demokratiya va inson huquqlarini ham himoya qilayapmiz, deb aytishning keragi yo‘q", deydi Muhammad Solih.

Janob Solih aytishicha, "Arab bahori"ning ta‘siri O‘zbekistonda ham sezildi, bu ruhiy-psixologik ta‘sir.

"Xalqimiz ko‘rdiki, zolimlar bilan, diktatorlar faqat kurashish mumkin", deydi Muhammad Solih.

Biroq unga ko‘ra, bundan 1 yil oldin tuzilgan O‘zbekiston Xalq Harakatining "tanlagan kurash yo‘li tinch yo‘l".