Qurolli hujum ortidan Pokiston qamoqxonasidan 400 ga yaqin mahbus qochgan

Image copyright
Image caption Xavfsizlik kuchlari mahbuslarni qidirishni boshlagan

Pokiston rasmiylariga ko‘ra, Afg‘oniston bilan chegaraga yaqin Bannu qamoqxonasiga jangarilar hujum qilganlaridan keyin qariyb 400 mahbus qochgan.

Hujum tungi soat 1 da boshlangan, bunda ko‘p sondagi qattiq qurollangan jangarilarning ishtirok etgani xabar qilingan.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, qamoqxonaga hujumda 150 tacha qurolli qatnashgan.

Pokiston rasmiylariga ko‘ra, qamoqdan ozod etilganlar orasida "xavfli" isyonchilar ham bo‘lganlar.

Bunday mahbuslardan biri sifatida 2003 yilda Pokistonning sobiq prezidenti Parvez Musharrafga suiqasd uyushtirishda ayblangan Adnan Rashid ismli shaxs ham bo‘lgan.

Adnan Rashid Pokiston harbiy-havo kuchlarida ishlagan, mamlakat sobiq prezidentiga suiqasdda aybdor deb topilib, u o‘lim jazosiga hukm etilgan edi.

Shohidlarga ko‘ra, jangarilar ko‘p sondagi avtomobillarda qamoqxonaga yaqinlashganlar, hukumatning qo‘shimcha kuchlari yo‘lini to‘sish maqsadida hibsxonaga eltuvchi ko‘chalarni yopib qo‘yganlar.

Jangarilar qo‘llarida avtomatlar va granatomyotlar bo‘lgan.

Qurollilar bilan qamoqxona qo‘riqchilari o‘rtasida ikki soatcha jang davom etgani xabar qilingan.

Natijada Bannu qamoqxonasida saqlanayotgan 384 mahbus qochishga muvaffaq bo‘lgan.

Rasmiylarga ko‘ra, o‘rtada bo‘lib o‘tgan janglarda uch zobit yaralangan.

Ayrim mahbuslar qo‘lga olingani, ayrimlari esa o‘z ixtiyorlari bilan yana qamoqxonaga qaytganlarini aytishgan Pokiston huquq-tartibot idoralari vakillari.

Xavfsizlik kuchlari qamoqxonaga yaqin hududni o‘rab olgan, qochgan mahbuslarni qidirishni boshlagan.

Bannu qamoqxonasida jami 944 mahbus saqlangan, yaqinda bu yerga boshqa qamoqxonalardan mahbuslar ko‘chirilgan bo‘lgan.

Bannu Pokistonning qavmlar nazorat qiladigan va beqaror Haybar Paxtunxva mintaqasida joylashgan.

Ushbu hujum uchun ma‘suliyatni Pokiston Toliboni o‘z zimmasiga olgan.

2011 yil aprel oyida Tolibon Afg‘onistondagi Qandahor qamoqxonasiga yer ostidan lahm qazib 470 mahbusni ozod qilgan, ular orasida Tolibon qo‘mondonlari va jangarilari bo‘lgan.