BBC navigation

"Janao‘zen mahkamasi to‘xtatilsin"

Сўнгги янгиланиш 16 апрел 2012 - 14:19 GMT

Jano‘zen voqealari ortidan Qozog‘iston hukumati o‘ta keskin yo‘l tutmoqda

Janao‘zen hodisalari yuzasidan ayblanganlar qiynoqqa tutilgani haqida yangi da‘volar o‘rtaga chiqarkan, jamoatchilik vakillari jarayonni to‘xtatishni talab qilishmoqda.

Aqtau shahrida bo‘lib o‘tayotgan mahkamani yaqindan kuzatgan jamoatchilik vakillariga muvofiq, ayblanuvchilarga nisbatan kuch ishlatish holatlari yangragan. Shu bois tergov ishlarini qaytadan boshlash kerak.

"Tergovchilar sudlanuvchi Abdraxmanovni qishning qoq o‘rtasida qip-yalang‘och qilib yechintirib, toshning ustiga chiqarib, ustidan muzday suv quyishgan. Har 15-20 daqiqada kelib kaltaklashgan. Gavdali huquq tartibot xodimlari uning ustiga chiqib sakragan. Natijada uning og‘zidan qon kela boshlagan. Hozir unda sil kasalligi aniqlandi", - deydi guljan.org web portali muharriri Guljan Yergaliyeva.

Bundan tashqari, ayblarga iqror qilish niyatida tergov payti ularni kursi bilan kaltaklashgan, qovurg‘alarini urib sindirishgan, boshlariga yelim xalta kiydirishgan va oila a‘zolariga zarar yetkazamiz, deb tahdid qilganlar.

Ayblanuvchilar bosimlarga chiday olmay, turli ko‘rsatmalarga imzo chekishganini va endi mahkama jarayonitda arz-dodlariga quloq solishadi, degan umidda ekanliklarini bildirganlar.

Ammo jamoatchilik vakillariga ko‘ra, mahkama raisi ushbu da‘volarga e‘tibor bermayapti va ularga nisbatan qiynoq hollari boshqa mahkamada ko‘rib chiqilishini ta‘kidlab, ayblanuvchilarning og‘zini yopishga harakat qilmoqda.

Shuningdek, Janao‘zen hodisalari yuzasidan tuzilgan mustaqil komissiya tomonidan berilayotgan tavsiyalarga hukumat befarq bo‘layotgani ham urg‘ulanadi. Shu paytgacha jamoatchilik tomonidan berilgan birorta ham taklifga hukumat munosabat bildirmagan.

"Kim aybdor ekanligini hamma biladi. Nazarboyevning ismini aytish kerak va uning impichmentini, ketishini talab qilish zarur. Unga ishonch qolmadi va odamlar Nazarboyevdan charchadi. Haqiqatni talab qiladigan minbar qolmadi" - deydi taniqli faol, rejissyor Bo‘lat Atabayev.

Ayblanuvchilar qiynoqqa tutilgani borasida rasmiylar shu vaqtgacha biror izoh berishgani yo‘q.

Hozir Aqtau shahrida o‘tgan yili 16 dekabr kuni Janao‘zen shahrida bo‘lib o‘tgan ommaviy tartibsizliklarni uyushtirish va ularda ishtirok etish ayblari bilan 37 kishi ustidan mahkama davom etmoqda.

Mahkama ochiq kechishi aytilgan bo‘lsa-da, jurnalistlar jarayonni tasvirga olish va yo ovozlarni yozib olishlari taqiqlanmoqda.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.