Norvegiya: Breyvik mahkamada ko‘rsatma berdi

Image copyright AP
Image caption Anders Breyvik Ovro‘poda "eng mukammal va tamoshanok" hujumni amalga oshirganini aytgan.

Osloda portlashni tashkillashtirish va Utoyya orolida yoshlar va bolalarni ommaviy qatl etganini tan olgan Anders Breyvik mahkamada ko‘rsatma berar ekan, II-Jahon Urushidan beri Ovro‘poda "eng mukammal va tamoshanok" hujumni amalga oshirganinini aytdi.

U, agarda fursati bo‘lsa, bu amalni yana qaytarishdan toymasligini bildirdi.

Kecha Anders Breyvik qotilliklarni amalga oshirganini tan olgan, lekin o‘zini aybdor hisoblamasligi, bu amallarni "o‘z-o‘zini himoya qilish uchun" bajarganini aytgandi.

"Bu amallar yaxshilikka asoslangan, yomonlikka emas," - deydi Breyvik. - "Yana men o‘z chiqishlarimni qurbonlarga hurmat yuzasidan yumshatdim."

Avvalroq esa Breyvikning himoyachilari aksariyat qurbonlarning oilalari o‘z mijozlarining chiqishidan g‘azabga tushish ehtimoli bilan ogohlantirgandi.

Shu tufayli uning bugun mahkamada qiladigan chiqishlari televizion efirga uzatilmaydi.

Mahkama zalida bo‘lgan BBC muxbiri Mattyu Praysning aytishicha, Breyvikning mahkamada so‘zlashi uning salomatligi yuzasidan savollarga javob topish uchun muhim bo‘lishi mumkin.

Qariyb o‘n hafta davom etishi kutilayotgan bu mahkamadagi asosiy savollardan biri esa Breyvikning ruhan sog‘lom va yo nosog‘lomligini aniqlashdir.

Breyvik allaqachon ayni mahkamani tan olmasligini e‘lon qilgan.

Uning chiqishini hakam bir emas, bir necha bor bo‘lib turgan.

Breyvik o‘z ko‘rsatmalarida liberalizmni tanqid qilgan va Janubiy Koreya hamda Yaponiya modellarini qo‘llab quvvatlashini aytgan.

BBC muxbiriga ko‘ra, Breyvikning Norvegiya haqida aytganlari, xususan liberal g‘oyalar Norvegiyani yakson qilayotgani haqidagi da‘volari uning Leyboristlar yozgi jamlog‘iga hujumi ortidagi sabablar o‘laroq namoyon bo‘lmoqda.

"Men butun umrim davomida qamoqda o‘tirishdan qo‘rqayotganim yo‘q. Men qamoqda tug‘ilganman, chunki o‘z fikrlarimni erkin ifoda eta olmasdim. Bu qamoqxonaning nomi - Norvegiya," - deb aytgan Breyvik.

Breyvik 2011 yil 22 iyulida Oslo markazida bir avtomobil portlatgan, oradan biroz vaqt o‘tganidan keyin Osloga yaqin Utoyya oroliga yig‘ilgan o‘spirinlarni otib o‘ldirgan.

Oslodagi portlashda sakkiz inson halok bo‘lgan.

69 kishi Utoyya orolida hayotdan ko‘z yumgan.

Ular Norvegiyada hozir qudratda bo‘lgan Leyboristlar partiyasi yoshlar qanotining faollari bo‘lganlar.

Anders Breyvik Leyboristlar partiyasi vakillariga bu partiya Ovro‘poda "musulmonlar bosqiniga bamaylixotir qo‘l qo‘yib berayotgani uchun" hujum qilganini aytgan.

Uning xotirjamlik bilan sodir etgan jinoyati butun dunyoni larzaga solgan.

Breyvikning ruhiy salomatligini tekshirishga qaror qilingan.

2011 yil noyabrida ruhshunoslar Breyvikni paranoidal shizofreniyaga chalingan degan xulosaga kelganlar.

Biroq yaqinda o‘tkazilgan yana boshqa bir tekshiruv uni ruhiy sog‘lom deb topgan.

Agar mahkama uni ruhiy nosog‘lom deb topsa, majburiy davolash qarori qabul qilinishi mumkin.

Ammo agar Breyvik sog‘lom degan xulosaga kelinsa, Norvegiya qonunlari bo‘yicha 21 yilik qamoq jazosi belgilanishi, undan keyin u umrbod qamoq jazosiga uzaytirilishi mumkin.