Qirg‘iz ombudsmani Alisher Soipov ishini o‘z nazoratiga oldi

Image caption Qirg‘iz Ombudsmani Tursunbek Akun Alisher Soipov o‘limi bo‘yicha jinoiy ish soxtalashtirilgani haqida 2007 yilda gapirganman, deydi.

Qirg‘iziston Ombudsmani Tursunbek Akun taniqli jurnalist Alisher Soipovning o‘ldirilishiga bog‘liq jinoiy ishni o‘z nazoratiga olganini ma‘lum qildi.

"Hali 2007 yildayoq men Alisher Soipov o‘ldirilishi ortidan Qirg‘iziston huquq-tartibot xodimlari xo‘jakursinga mazkur qotillikka mutlaqo aloqasi yo‘q fuqarolarni qamaganligini aytganman. Keyinroq esa mahkamalar gunohsiz odamlarga og‘ir ayblovlar qo‘yib, ozodlikdan mahrum etgan", dedi Qirg‘iz ombudsmani.

Jinoiy ish soxtalashtirilganligi haqida Alisherning otasi Avaz Soipov ham bildirib kelgan.

Yaqinda Qirg‘iziston Oliy mahkamasi ushbu qotillik bo‘yicha jinoiy ishni qayta ko‘rib chiqish haqida qaror qabul qilgan, bunda "yangidan ochilgan jihatlar" inobatga olinishi lozimligi aytilgan.

Avaz Soipov o‘g‘lini o‘ldirishda ayblanib, ikki yil muqaddam 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Abdufarid Rasulov jinoyat sodir etilgan paytda mutlaqo boshqa joyda bo‘lganini aytgan.

Abdufarid Rasulov 2009 yil fevral oyida Botken militsiyasi tomonidan hibsga olingandi.

Militsiya hibsga olish chog‘ida uning yonidan Makarov to‘pponchasi topilganini ma‘lum qilgan.

Image copyright b
Image caption 26 yoshli Alisher Soipov 2007 yil oktyabrida O‘sh shahrida otib o‘ldirilgan.

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi jurnalist ayni to‘pponchadan otib o‘ldirilgan, deya e‘lon qilgan.

O‘shda nashr qilingan "Siyosat" ro‘znomasining bosh muharriri Alisher Soipov O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning ashaddiy tanqidchilaridan biri sifatida tanilgandi.

Jurnalist o‘limidan keyin Avaz Soipov O‘zbekiston prezidentini o‘g‘lini o‘ldirishga buyruq berganlikda ayblab chiqqan.

Avaz Soipov o‘zida Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi va xavfsizlik xizmatlarining alohida xodimlari ushbu qotillikni amalga oshirishda yordam berganliklarini tasdiqlovchi dalillar borligini aytgan.

Qotillik yuzasidan tergov olib borayotgan Qirg‘iz rasmiylari turli farazlar o‘rganilayotgani, jumladan Alisher Soipovning o‘limiga O‘zbekiston maxsus xizmatlarining aloqasi borligi haqidagi iddaolar ham nazardan soqit qilinmaganini ma‘lum qilishgan.

Avaz Soipov o‘g‘lining o‘limi yuzasidan ishning qayta mahkamaga yo‘llanishini "adolatning kichik g‘alabasi", deya baholagan.

Ovro‘po Ittifoqi Qirg‘iziston hukumatini Alisher Soipovning o‘ldirilishi yuzasidan shaffof tergov o‘tkazishga chaqirgan.