General Do‘stum Tolibon bilan muzokaraga rozi bo‘lgan

Image copyright Getty
Image caption General Abdulrashid Do‘stum amalda Afg‘oniston siyosatidagi muhim shaxslardan biri bo‘lib qolmoqda

General Do‘stumning Tolibon bilan muzokaraga rozi bo‘lishi ko‘pchilik uchun kutilmagan xabar bo‘ldi.

Sobiq kommunist va afg‘on o‘zbeklari yetakchisi ham sanaladigan Abdulrashid Do‘stum uzoq yillardan beri Tolibonga qarshi urushib kelgan.

Saudiya Arabistoni rahbarlari bilan uchrashib, Afg‘onistonga qaytgan generalning azaliy dushmanlari bilan muloqotga borish qarori haqida so‘nggi kunlar qator vebsahifalar yozishayotgan edi.

Bugun uning Milliy Islomiy Uyg‘onish partiyasi ushbu xabarlar haqiqat ekanligini tasdiqladi.

"Afg‘oniston tinchligi uchun, o‘tgan 11 yilda qo‘lga kiritilgan yutuqlarni qo‘ldan boy bermaslik uchun biz bu qarorga keldik" - deb aytdi uning muovini Abdulxabir Uchqun BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatda.

Janob Uchqunga ko‘ra, Abdulrashid Do‘stum tarafi isyonkorlarga biron shart qo‘yayotgani yo‘q.

"Faqat ular Afg‘oniston qonunlarini tan olishsa va qurollarini tashlashsa bas, boshqa biron shart ilova qilmaymiz" - dedi Afg‘oniston Milliy Uyg‘onish partiyasi rahbari muovini.

Lekin hozirgacha Tolibon harakatining munosabati aniq emas.

General Do‘stumni Afg‘onistondagi ko‘plab o‘zbeklar o‘z yetakchilari, deb ham sanashadi. Ammo uning so‘nggi qarorini barcha o‘zbeklar qo‘llashi noma‘lum.

Mozori Sharifda BBC O‘zbek Xizmati gaplashgan qator shimolliklar mazkur qadamni dastaklashlarini aytishdi.

Lekin internet sahifalarida o‘z fikrlarini qoldirayotgan Afg‘oniston o‘zbeklariga ko‘ra, Tolibon bilan murosa-madoraga borib bo‘lmasligi yaqin tarixda bot-bot isbotlangan.

"Ushbu amal ish bermasa kerak" - deydi afg‘onistonlik tahlilchi Hidoyatullo Hidoyat - "Shimoliy Afg‘oniston aholisi fitratan Tolibon bilan birga bo‘lolmaydi".

"Tolibon shimolni qo‘lga kiritgach, minglab o‘zbeklarni o‘ldirgani va shimol ahliga o‘ta noinsoniy munosabat qilgani hali hech kimning esidan chiqqani yo‘q".

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Tolibon Islom bayrog‘ini ko‘targan esa-da, aslida janublik pashtunlarning madaniyati va urf-odatlarini, o‘ta cheklovchi diniy an‘analarni targ‘ib qilishadi.

G‘arb esa General Do‘stumni Afg‘oniston siyosiy sahnasidagi ziddiyatli shaxslardan biri sifatida ko‘radi.

Janob Do‘stumning kuchlari Tolibonni qulatishda muhim o‘rin tutgan edi. Lekin keyinroq Abdulrashid Do‘stumga qarashli askarlar asirga tushgan Tolibon jangarilarini yuk solinadigan temir konteynerlarga solib tashigan va ko‘plab isyonkorlar halok bo‘lgan, degan da‘volar o‘rtaga chiqqan.

Abdulrashid Do‘stumning hozir Afg‘oniston hukumatidagi rasmiy amali o‘ta baland emas, ammo amalda uning ta‘siri juda kuchli.