Qirg‘iziston: Bishkekda o‘zbek tiliga qarshi namoyish bo‘lib o‘tdi

Image caption 2010 yil iyunidagi zo‘ravonliklardan buyon milliy munosabatlar tarangligicha qolayotgani aytiladi

Bishkekdagi Ta‘lim vazirligi oldida namoyish o‘tkazgan o‘shlik bir guruh qirg‘iz yoshlari o‘zbek tilida imtihon va sinovlar o‘tkazishni taqiqlashni talab qilganlar.

Namoyishchilar o‘zlarini "Qirg‘iz xalq qahramonlari harakati" va "Qirg‘iz yoshlar kengashi" faollari, deb tanitishgan.

Ular imtihon va sinovlar davlat tili bo‘lmish qirg‘iz hamda rasmiy maqomga ega rus tillarida bo‘lishi kerakligini aytishgan.

Bishkedagi muxbirimizning aytishicha, namoyish qatnashchilari "o‘zbek tilidagi sinovlar noqonuniy" degan varaqalarni ham tarqatishgan.

Namoyishchilar qarshisiga chiqqan Ta‘lim vazirligi mulozimi ekanini tushuntirishga harakat qilgan.

Ta‘lim vazirligining Oliy va maxsus ta‘lim boshqarmasi boshlig‘i Abdumannop Yo‘ldoshevga ko‘ra, Qirg‘izistondagi o‘zbek tilida ta‘lim beruvchi 135 maktabda 112 mingdan ziyod o‘quvchilar tahsil olishadi.

Har yili 2000 mingga yaqin o‘quvchi-talabalar o‘zbek tilida imtihonlar topshirishadi.

"Ularning hammasi Qirg‘iziston fuqarolari", deb ta‘kidlagan mulozim.

O‘zbek tilidagi sinov va imtihonlar masalasi chorshanba kuni qirg‘iz parlamentida ham muhokama etilgan.

Mutaxassislar til masalasida o‘ylamay qarorlar qabul qilish mamlakatdagi milliy totuvlikka putur yetkazishi mumkinligidan ogohlantirganlar.

Yangi to‘qnashuvlar xavotiri

Qirg‘iziston janubida 2010 yil iyunidagi etnik zo‘ravonliklardan buyon o‘zbeklar va qirg‘izlar o‘rtasidagi munosabatlar tarangligicha qolayotgani aytiladi.

17 aprel kuni O‘sh shahrining Manuyev ko‘chasida o‘zbeklar va qirg‘izlar o‘rtasida to‘qnashuv kelib chiqqani haqida xabarlar olingan.

Central Asian News xabar agentligining shohidlarga tayanib, xabar berishicha, ushbu ko‘chadagi yonilg‘i quyish shohobchasiga kelgan avtoulov egasi va o‘zbek sotuvchisi o‘rtasida to‘lov yuzasidan boshlangan tortishuv tezda katta janjalga aylanib ketgan.

Yonilg‘i quyish shohobchasida ko‘plab mashina va 100ga yaqin odam to‘planishi ortidan hodisa joyiga yetib kelgan militsiya janjalni to‘xtatgani aytiladi.

Bir necha kishi hibsga olingani xabar qilingan.

Ammo O‘sh shahar militsiyasi hodisa haqidagi xabarlarni rad etgan.

Qirg‘iz rasmiylari, shuningdek, Byuryusselda joylashgan Alisher Navoiy institutining mamlakat janubida yangi etnik to‘qnashuvlar yuz berishi ehtimoli bilan bog‘liq xavotirlarini ham rad etgan.

"Qirg‘iziston janubida siyosiy vaziyat osoyishta", deyiladi O‘sh shahar hokimining idorasi tarqatgan bayonotda.

Alisher Navoyi instituti Qirg‘izistonda siyosiy vaziyat tarangalashgani va siyosiy kuchlar milliy masaladan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishlari mumkinligi haqida ogohlantirgandi.

Avvalroq Xalqaro Iniqroz guruhi ham shu kabi ogoh bilan chiqqan.

Har ikki hisobotda o‘zbek aholisining siyosiy va jamiyat hayotidan chetlatilgani aytiladi.