Liviyalik sobiq muxolifatchi Jek Stroni mahkamaga tortmoqchi

Image copyright Getty
Image caption Belhajning uqtirishicha, janob Stro qiynoqlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqador

Qaddofiy tuzumiga muxolif bo‘lgan liviyalik qo‘mondon Buyuk Britaniyaning sobiq Tashqi ishlar vaziri Jek Stroga qarshi mahkama da‘vosini boshlagan.

Hozirda Tripolidagi Harbiy Kengash raisi bo‘lgan Abdul Hakim Belhaj janob Stro o‘zini vataniga ekstraditsiya qilish haqidagi hujjatga imzo chekkan-chekmaganini aniqlamoqchi.

Liviyalik sobiq muxolifatchining aytishicha, AQSh Markaziy Josuslik Boshqarmasi josuslari uni Taylanddan Liviyaga Britaniya nazorati ostida bo‘lgan Hind ummonidagi Diyego-Garsiya oroli orqali olib borishgan.

Liviya harbiy qo‘mondonining himoyachilari shaxsan Stroga qarshi hujjatlarni tayyorlashgan.

Ular sobiq britan vazirini o‘z vakolatlari doirasidan chiqqanlikda ayblab, undan izoh talab qilishmoqda.

Ular o‘z da‘volarini 15 aprel kuni Sunday Times ro‘znomasida chop etilgan maqolaga asoslashgan.

Ro‘znomaning o‘z manba‘lariga tayanib yozishicha, Belhajning Liviyaga topshirilishiga janob Stroning o‘zi shaxsan rozilik bergan.

Sunday Times dagi maqolaga qadar BBC Britaniya hukumati Belhaj va ayoli Fotima Busharning Qaddofiy tuzumiga topshirilishini ma‘qullagani haqidagi ma‘lumotni e‘lon qilgan edi.

Ammo bu qarorning qaysi darajada qabul qilingani noma‘lum qolgan.

Britaniya hukumati ekstraditsiya va qiynoqlarga aloqadorligini rad etgan, janob Stroning o‘zi esa hech qanday sharh bermagan.

Britaniyaning sobiq Ichki ishlar vaziri hozirda rasmiy London noqonuniy ekstraditsiyalarga aloqadorligi haqidagi da‘volar yuzasidan tekshiruv borayotgani vajidan ayblovlar yuzasidan sharh berolmasligini aytgan.

"Noinsoniy muomala"

Belhajning fuqarolik da‘vosi shaxsan Stroga qarshi qaratilgan.

Liviyalik harbiy va uning ayoli janob Stro o‘zlariga qarshi Tayland va Amerika josuslari, shuningdek, Liviya maxsus xizmatlari tomonidan qo‘llanilgan "qiynoqlar, noinsoniy va tahqirlovchi muomala, zo‘ravonlik va haqoratlarga" shaxsan aloqador deb hisoblashadi.

Ular sobiq tashqi ishlar vaziridan o‘zlariga yetkazilgan jismoniy va ruhiy jarohatlar uchun tovon talab puli qilishmoqda.

2004 yilda Belhaj Qaddofiy tuzumiga muxolifatda bo‘lgan Liviya Islomiy Jangari Guruhi rahbari bo‘lgan va muhojirotda yashagan.

Britaniya josuslik xizmati MI-5 ushbu guruh Al-Qoida bilan yaqin aloqalarga ega, deb hisoblagan.

Belhajning aytishicha, u va ayoli boshpana so‘rash uchun Britaniyaga yo‘l olgan paytlari Bangkokda MRB josuslari tomonidan ushlangan.

Unga ko‘ra, ular o‘tqazilgan uchoq Britaniyaga qarashli Diyego-Garsiya orolida yoqilg‘i quyish uchun to‘xtagan.

Belhajning da‘vo qilishicha, u va ayolini ekstraditsiya qilish jarayonida ham, Liviyada bo‘lgan paytlari ham qiynoqqa tutishgan.

So‘nggida u Liviya qamoqxonasiga tashlanadi.

Belhajning vakillari Britaniya Yuqori Mahkamasiga britan hukumati, uning xavfsizlik xizmati hamda tashqi istihboroti bo‘lgan MI-6 ning yuqori martabali xodimi Ser Mark Alenga qarshi hujjatlarni topshirishgan.

"Qiynoqlarga qarshimiz"

O‘tgan yili BBC bilan suhbatda Jek Stro o‘zi mansub bo‘lgan leyboristlar hukumati noqonuniy ekstraditsiyalarga qarshi bo‘lganini aytgan.

"Biz qiynoqning har qanday ko‘rinishiga qarshi bo‘lganmiz. Biz shunchaki qarshi bo‘libgina qolmay, hech qachon qiynoqlarda ishtirok etmaganmiz va ularga ko‘z ham yummaganmiz", - degan janob Stro.

Ayni paytda u "bironta ham tashqi ishlar vaziri maxsus xizmatlar faoliyatining barcha tafsilotlaridan xabardor bo‘lolmasligi"ni aytgan.