O‘zbekiston Xalq Harakati jurnalist Buxarbayevadan nega norozi?

Image copyright bbcuzbek.com
Image caption Muhammad Solih Buxarbayeva maqolalari O‘zbekiston Xalq Harakati siyosatni "islomiylashtirayotgan"iga ishora qiladi degan fikrda

O‘zbekiston Xalq Harakati o‘z faoliyati borasida maqolalar chop qilib boruvchi Uznews.net mustaqil saytidan norozilik bildirib bayonot chiqargan.

Muxolif harakat bayonotida aytilishicha, "Uznews.net sayti so‘ngi paytlarda axborot tarqatishdagi xolislik me‘yorlarini tez-tez buzib, odamlar orasida xusumat va tarafkashlik kayfiyatlarini rag‘batlagan holda, bir qator siyosiy va diniy guruhlarga nisbatan oshkora tendentsiozlik yo‘lini tutmoqda".

Bayonotda, ayniqsa, mart oyida harakat rahbari Muhammad Solih taklifi bilan toshkentlik inson haqlari faoli Yelena Urlayevaning Turkiyaga safar qilishi va Toshkentga qaytib ruhiy shifoxonaga tushishi ortidan chop qilingan maqolalardan norozilik bildirilgan.

Bu maqolalarda Yelena Urlayeva Turkiyada go‘yoki Islomni qabul qilgani, Toshkentga qaytganida esa u tazyiqlarga uchraganiga ishora qilinadi.

Uznews.net sayti muallifi hozirda Olmoniyada istiqomat qiluvchi taniqli mustaqil jurnalist Galima Buxarbayevadir.

BBC avvalo bayonotnii chop qilgan O‘zbekiston Xalq Harakati raisi Muhammad Solih bilan bog‘lanib, nimadan norozi ekanini so‘radi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Ayni damda Uznews.net saytida paydo bo‘lgan "O‘XH vs Uznews.net" sarlavhali maqolada Buxarbayeva xonim O‘XXning da‘volari asossiz ekanini aytgan.

Asli toshkentlik va hozirda Olmoniyada yashab faoliyat yurituvchi Buxarbayeva xonim maqolada o‘zbek muholifatini uning ovozini o‘chirishga harakat qilayotganlikda ayblaydi.

BBC bilan suhbatda jurnalist "Muhammad Solih misol qilib keltirayotgan maqolalar betaraf va xolisona ravishda yozilgan. Biz sodir bo‘lgan voqealarni yoritdik va ularni o‘zimiz to‘qib chiqarganimiz yo‘q", - dedi.

Buxarbayeva xonim O‘O‘Xning noroziligiga sabab bo‘layotgan, xususan, "Tojiboyeva: Urlayevaning ahvoliga Solih aybdor" maqolasida taniqli muxolifatchi Mo‘‘tabar Tojiboyevaning fikrlari keltirilgani va sayt bu o‘zbek siyosatining sub‘ekti fikrini yoritishga to‘la haqli ekanini aytadi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbek muxolifati va huquq faollari orasida kelishmovchilik, aytishuv va o‘zaro ayblovlar juda ko‘p yuz beradigan holat.

Ba‘zi tahlilchilarga ko‘ra, bu ko‘rinish muxolifat va mustaqil matbuot vositalari o‘rtasida ham bo‘y ko‘rsata boshladi.

Nima uchun bu holatlar aynan o‘zbek muxolifat sahnasida tez-tez ro‘y beradi? Buning ildizlari va omillari nimada?

Frantsiyada istiqomat qiluvchi siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, bu o‘zbek muxolifatining fuqarolik jamiyati tajribasiga ega emasligi va o‘zaro hamkorlikning yo‘qligi bilan izohlanadi.

BBC bilan suhbatda u bugungi kundagi muxolifat "90-yillarda shakllangan muxolifat" ekani va, Markaziy Osiyodagi qo‘shni mamlakatlar bilan solishtirilganda, "jamiyatdan siqib chiqarilgan"ini aytadi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi