Tolibon qo‘mondoni o‘zini qo‘lga olishlari uchun mukofot puli so‘radi

Image copyright BBC World Service
Image caption Nato mulozimlari va afg‘on harbiylari Muhammad Eshonning nega bunday yo‘l tutganini bilolmay hayronlar

AQSh va afg‘on kuchlari qidiruvida bo‘lgan Tolibon qo‘mondoni o‘z xohishi bilan taslim bo‘lib, o‘zini hibsga olishlari uchun 100 AQSh dollari mukofot puli so‘ragan.

Muhammad Eshon har ikki mamlakat kuchlariga hujumlar uyushtirishda ayblanadi.

Mahalliy mulozimlarning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, u nazorat nuqtalaridan biriga kelib, o‘zini afg‘on qo‘shinlari ixtiyoriga topshirgan.

Buning ortidan, AQSh kuchlari maxsus biometrik tekshiruv olib borishgan va taslim bo‘lgan shaxsning o‘zlari izlab yurgan qo‘mondon ekanini tasdiqlashgan.

Kobuldagi muxbirimiz Bilol Sarvariyning aytishicha, Muhammad Eshon Tolibonning janubiy-sharqiy Paktiko viloyatidagi qo‘mondoni bo‘lgan.

Ammo unchayam katta sondagi jangarilarga boshchilik qilmagan.

Lekin, muxbirimizga ko‘ra, Muhammad Eshonning qo‘li borlikda gumon etilayotgan va olisdan turib boshqariluvchi uskunalar yordamida uyushtirilgan hujumlar anchayin halokatli bo‘lgan.

Shu bois, viloyatning Tolibon qo‘mondoni faol bo‘lgan tumanlarida unga qarshi qidiruv e‘lon qilingan.

Nato mulozimlari va afg‘on harbiylari Muhammad Eshonning nega bunday yo‘l tutganini bilolmay hayronlar.

Chunki, ularga ko‘ra, isyonkorlarni qidiruvga berib, har joyga yopishtirib tashlagan e‘lonlari shu paytgacha jiddiyroq bir natija bermagan.