Tojik hukumati endi tandirlarga qarshi kurashmoqchi

Image caption Uyda non pishirish aksariyat tojik oilalariga sal bo‘lsa-da shundoq ham haminqadar bo‘lgan daromadlarini tejashlariga imkon beradi...

Poytaxt Dushanbe mas‘ullari shahardagi tandirlarni surib tashlashga qaror qilishgan.

Ular o‘z qarorlari sababini 90 yillik yubileyi munosabati bilan Dushanbe shahriga bayram shukuhini berish bilan izohlashgan.

Sho‘rolar Ittifoqi qulashi va 90-yillar boshlarida kuzatilgan fuqarolar urushi ortidan poytaxt ekaniga qaramay, Dushanbeda tandirlaru, ulardan foydalanuvchilar soni ortib ketgan.

Shahar hokimligi esa, endi aholiga o‘z ixtiyorlari bilan ko‘chayu hovlilardagi estetik me‘yorlarga javob bermaydigan tandirlarini buzib tashlashlarini taklif etmoqda.

Dushanbening ko‘rkiga ko‘rk qo‘shishga da‘vat etisharkan, mas‘ullar poytaxtga berishni istayotgan sharqona qiyofani, so‘zsiz, tandirlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Ammo, ularga ko‘ra, tandirlar xamir tog‘orayu o‘tinlar saqlanuvchi qo‘lbola hujralar tutash qiyofada emas, ko‘zni quvontiruvchi shaklda bo‘lmog‘i lozim.

Nazorat

Dushanbedagi muxbirimiz Anora Sarkorovaning xabar berishicha, poytaxtning har bir tumanida tashkil etilgan maxsus hay‘atlar hokimlik tavsiyasi qanday bajarilayotganini nazorat etishadi.

Ayon bo‘lishicha, hokimlik tashabbusi shaharning ko‘rkini buzib turgan nonvoyxonalarni ham chetlab o‘tmaydi.

Mahalliy kuzatuvchilar esa, Tojikistondagi iqtisodiy muammolar va qashshoqlik hollari barham topmas ekan, bu kabi taklifu tavsiyalarning ish bermasligini aytishadi.

Chunki uyda non pishirish aksariyat tojik oilalariga sal bo‘lsa-da shundoq ham haminqadar bo‘lgan daromadlarini tejashlariga imkon beradi.

Aholi nima deydi?

Image caption Mahalliy aholi tandirlarsiz kunlari qanday o‘tishini tasavvur ham qila olmasliklarini aytishadi

So‘nggi yillarda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining keskin ko‘tarilishi Tojikistondagi nochor aholi qatlamining ahvolini nihoyatda og‘irlashtirgan.

Chunki mamlakatning chekka qishloq hududlaridagi narx-navolar shaharlaridagisidan ham baland, deydi muxbirimiz.

Deylik, davlat ishida ishlaydigan fuqaroning minimal ish haqqi bir qop un sotib olishga yetmas ekan.

Dushanbeklik shifokor Zarifamo Ashurova uyda o‘zlari non pishirishmasa, kunlar o‘tmasligini aytadi.

Farzandlari ko‘p emasmi, u shunday qilib, maoshini u oydan bu oyga zo‘rg‘a yetkazadi.

"Men tandirlarning tashqi qiyofasi hech qanday talablarga javob bermasligini tan olaman. Ammo, shunda ham, muammodan chiqishning biror bir yo‘lini ko‘rmayapman. Agar uyda pishirmasak, nonsiz qolamiz. Chunki sotib olaman, desangiz, cho‘ntagingiz ko‘tarmaydi", deydi u.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Tojikiston aholisining yarmidan ko‘prog‘i kambag‘allikda yashaydi. Yigirma foizga yaqinining ahvoli o‘ta nochor.

Mamlakat aholisining aksariyati esa, shundoq ham topgan pulini asosan yeyish-ichishlariga sarflashadi.