Ovro‘po diplomati Karimov va Rahmonni yarashtirmoqchi

Image caption Islom Karimov va Imomali Rahmonni yarashtirish yo‘lidagi Ovro‘po diplomatining harakatlari ish beradimi, yo‘qmi - hali noma‘lum

O‘zbekiston va Tojikiston orasidagi munosabatlar tarangligi bugun mintaqadan tashqarida ham ko‘pchilikni xavotirga solmoqda.

Dushanbe va Toshkent o‘rtasida yuzaga kelgan holat tobora ahamiyati ortayotgan Markaziy Osiyo barqarorligini istayotgan taraflar uchun yaxshi xabar emas.

Afg‘onistonga olib boradigan shimoldagi muhim yo‘l ustida joylashgan, neft-gazga boy, Xitoyga yaqin va hamon Rossiya o‘z ta‘sir doirasidagi hudud, deb biladigan Markaziy Osiyoga hozir G‘arb ham katta qiziqish bildirmoqda.

Ammo Tojikiston Rog‘un gidroinshootini qurishini aytishi ortidan, qo‘shni O‘zbekiston bilan oradagi munosabatlari yanada sovuqlashdi.

Shundoq ham haminqadar munosabatlar, viza cheklovlari va minalar hamda gaz va elektr ta‘minoti bois davom etayotgan tortishuvlar yoniga endi Rog‘un mashmashasi ham qo‘shilmoqda.

Tojikiston energiyaga chanqoqligini qondirish uchun baribir Rog‘unni qurmoqchi.

O‘zbekiston esa zilzila tez-tez yuz beradigan hududda ulkan to‘g‘on qurish va o‘ziga keladigan suvni to‘sib qo‘yadigan bu inshootga butkul qarshi.

BBC O‘zbek Xizmati ovro‘polik siyosatdon Struan Stivinson bilan bog‘landi va hozirgi holatda bu ikki mamlakat rahbarlarini qanday qilib bir kelishuv sari unday olasiz, deb so‘radi.

Struan Stivinson: Men O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida tanglik arimayotganidan chuqur tashvishdaman. Ikki tomon rahbarlari balki betaraf hududda uchrashishsa, foydadan holi bo‘lmasdi nazarimda. Men bu masalada beg‘araz vositachi bo‘lishga tayyorligimni bildirdim. Men aytayotgan betaraf hudud Strasburg va yo Brusseldagi Ovro‘po Parlamenti bo‘lishi mumkin. Men bunday uchrashuvni tashkillashtirishga jon dilim bilan rozi bo‘lardim. Agar ikki rahbar uchrashishsa va bir kelishuvga kelsalar, o‘rtada berkilib qolgan chegaralar ochilsa, risoladagidek savdo-sotiq va transport aloqalari tiklansa, ikki tarafga ham katta foyda bo‘lardi. Bu o‘z navbatida Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga ham naf keltiradi. Men aytmoqchi bo‘lganim, kelinglar, mana shu boshi berk ko‘chadan chiqish yo‘lini topaylik!

BBC: Sizning bu tashabbusingiz matbuotda yoritildi. Siz mintaqaga ko‘plab safar qilgansiz. O‘z taklifingizni amalda qanday joriy qilmoqchisiz?

Struan Stivinson: Men iyul oyida Tojikistonga safar qilib, prezident Rahmon bilan uchrashmoqchiman. Shuningdek, Qozog‘istonga ham borish niyatim bor. Sababi, Qozog‘iston ham ikki qo‘shni mamlakat o‘rtasidagi ziddiyatdan tashvishda ekanini yaxshi bilaman. Agar zarur, deb topsa, men O‘zbekistonga ham borib, Prezident Karimov bilan ham jon, deb uchrashgan bo‘lardim.

BBC: Agar shunday uchrashuvga kelishilsa, Ovro‘po Ittifoqi o‘z idorasida O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlariga mezbonlik qilishiga qanday ehtiyoj bor? O‘rtadagi muammo Ovro‘po Ittifoqidan uzoq bo‘lsa...

Struan Stivinson: Men Ovro‘po Ittifoqi bu masalaga e‘tibor qaratishi zarur, deb bilaman. Chunki biz Markaziy Osiyodagi yirik daryolarning yuqori va quyi qismlarida joylashgan mamlakatlar o‘rtasidagi suv tortishuvi haqida gapirayapmiz. Tojikistonning Rog‘un GESini qurish harakatlari daryoning quyi qismida joylashgan O‘zbekistonni chuqur xavotirga solgan. Tojikiston o‘z loyihasining atrof muhitga zarar yetkazmasligini aniqlash uchun Jahon Banki mutaxassislarini taklif qilgan. Agar Rog‘un to‘laligicha ishga tushsa, 3600 Megabayt elektr energiyasi bera boshlaydi. Bundan nafaqat Tojikistonga, balki Afg‘onistonu Pokistonga ham koni foyda. Shu jihatdan, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi kelishmovchilikni bartaraf etish Ovro‘po Ittifoqi uchun zarur, deb bilaman.