Anders Breyvik oxirgi kun ko‘rsatma bermoqda

Image copyright AFP
Image caption Breyvikning naqadar aqli sog‘limligini mahkama aniqlashga urinayapti

Anders Beyring Breyvik o‘tgan iyul oyida Norvegiyada amalga oshirgan qotilliklarini "kattaroq vahshiy amalni bartaraf qilish yo‘lidagi kichik vahshiy amal", deya tasvirlagan.

U 77 insonni o‘ldirgan Oslodagi portlash va Utoyya orolidagi otishmani allaqachon o‘z bo‘yniga olgan.

Mahkamaning asosiy maqsadi uning aqli sog‘lom ekani yo yo‘qligini aniqlash.

Breyvik 2011 yilning 22 yanvarida "mutlaqo hamma narsa", jumladan oilasi va do‘stlaridan ayrilganini aytdi.

U, shuning uchun, boshqa odamlardagi ayriliq hissini ham tushinishini bildirdi.

Beshinchi kundirki Osloda o‘tayotgan mahkama qarshisida gapirar ekan Breyvik Utoyya jamlog‘idagi qurbonlarining deyarli yarmi 18 yoshiga yetmagan o‘smirlar ekanini avvaldan bilganida ham, huddi shunday yo‘l tutgan bo‘lishini aytdi.

Breyvik Norvegiya hukumatiga aloqasi bo‘lmagan va tasodifiy qurbonlarga aylangan insonlardan kechirim so‘rashni istagini bildirdi.

Boshqa qurbonlar oldida u hech qanday aybni his qilmasligini aytdi.

Breyvikning ko‘rsatma berishi bugun, ya‘ni dushanba kuni nihoyasiga yetadi.

Juma kungi chiqishida u "rahm ko‘rsatishni so‘rab yalingan" odamlarni qanday otib o‘ldirganini gapirib berdi.

33 yoshli norvegiyalik Breyvik o‘zi asli mehribon odam ekani, lekin qotilliklar davrida o‘z ehtiroslarini "o‘chirib qo‘ygan"ini aytdi.

Breyvik 2011 yilning 22 iyulida poytaxt Oslodagi hukumat idoralari mavzesida bomba portlatib, yetti kishini o‘ldirgandi. U so‘ngra Norvegiya hukumati tepasidagi Mehnat partiyasi tashkil qilgan yoshlar lageriga yo‘l olib, 69 nafar o‘smirni birin-ketib otib o‘ldirgan.

U mahkamadagilarga orolga qanday yetib kelgani, va politsiya ustboshini kiyib, qo‘riqchilarga poytaxtdagi terror amallari tufayli orolga yuborilganini aytganini so‘zlab berdi.

U o‘zining ilk qurbonlariga o‘t ochishdan oldin boshida "yuzdan oshiq ovoz" unga bu ishni qilmasligini aytganini bildirdi. Lekin, bir necha soniyadan so‘ng u ikki kishini o‘ldirgan va qotilliklarni boshlab yuborgan.

"Odamlar menga rahm qilishimni so‘rab yalinishardi. Men esa ularning boshlaridan otdim", - dedi u.

Ba‘zilar o‘zlarini o‘likka solib yotishgan, lekin Breyvik ularning tirik ekanini bilib, yana o‘q uzganini aytib berdi.