Ruslan Chagayev: "Jang bunchalik tez tugaydi deb o‘ylamagandim"

Image copyright AFP

Professional boksning WBA tasnifi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida sobiq jahon chempioni, o‘zbekistonlik dongdor bokschi Ruslan Chagayev amerikalik raqibi Billi Zumbrunni uchinchi raunddayoq mag‘lubiyatga uchratdi.

Uchinchi raund boshida Ruslanning barcha boks mutaxassislari kuchini birdek e‘tirof etgan chap qo‘li bilan raqibiga bergan keskin zarbasi jang taqdirini hal qildi.

Billi Zumbrun o‘sha zarbadan so‘ng o‘zini o‘nglab ololmadi va nokautga uchraganini tan oldi.

Aslida sakkiz raund bo‘lishi ko‘zda tutilgan jang kecha 21 aprel kuni Olmoniyaning Shverin shahrida bo‘lib o‘tdi.

Kechagi jang ortidan BBC O‘zbek Xizmatiga bergan eksklyuziv suhbatida o‘zbekistonlik dongdor bokschi bu o‘zi uchun ham kutilmagan bo‘lganini aytadi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Bu - Ruslanning o‘tgan yili jahon chempionligi kamari uchun kurashda rossiyalik raqibi Aleksandr Povetkinga mag‘lubiyati ortidan ketma-ket qayd etgan ikkinchi g‘alabasidir.

Ruslan jahon chempionligi kamari uchun qariyb tengma-teng kechgan o‘sha jangda ham Aleksandr Povetkinga faqat ochkolar hisobiga mag‘lub bo‘lgandi, xolos.

O‘zbekistonlik taniqli bokschi so‘nggi mag‘lubiyati ortidan shu yilning yanvar oyida ringga tushgan va trinidad va tobagolik raqibi Kertson Mensuell ustidan ham mutlaq g‘alaba qozongandi.

Billi Zumbrun

Amerikaning Yuta shtatidan bo‘lgan 39 yoshli Billi Zumbrun professional boksdagi 12 yillik faoliyati davomida bundan avval faqat bir marotaba chetda jang o‘tkazgan.

Olmoniyaning Dyusselьdorf shahrida bo‘lib o‘tgan o‘sha jangda ham Billi Zumbrun asli ukrainalik raqibi Aleksandr Dmitrenkoga ochkolar hisobiga yutqazib qo‘ygan.

Ammo anchayin tajribali, o‘z vaqtida Maykl Grant, Brayan Minto kabi nomdor bokschilar bilan ringga tushgan.

Shu yilning yanvar oyida o‘tkazgan so‘nggi jangini (Kliff Kauzerga qarshi) nokaut bilan yengan.

Ruslan bilan jangiga qadar professional ringda ja‘mi 38 jang o‘tkazgan.

Shuning 25 tasida g‘alaba qozonib (15 tasida nokaut qilib), 12 tasini boy bergan.

Bitta janggi esa, durang natija bilan yakunlangan.

Ruslan Chagayev bo‘lajak raqibidan 6 yosh kichkina.

Ikkovlon bundan avval hech qachon bir-birlariga qarshi ringga tushishmagandi.

Chempionlik da‘vosi

O‘zbekistonlik dongdor bokschi WBA tasnifida o‘z reytingini yaxshilab, shu yil oxiri yo kelasi yil boshlarida yana jahon chempionligi kamari uchun bellashmoqchi.

U ana shu maqsadda bu yil yana qator janglar o‘tkazish rejasida.

Ruslan Chagayev bundan besh yil burun rossiyalik raqibi Nikolay Valuyevni yengib, ilk bor professional boksning WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida jahon chempioni bo‘lgan edi.

Buning ortidan, o‘z kamarini bir necha bor muvaffaqiyatli himoya etishga ham muvaffaq bo‘lgandi.

Ammo 2009 yilning iyun oyida WBO va IBF tasnifi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni ukrainalik raqibi Vladimir Klichkoga yengilib, chempionlik kamaridan butkul mosuvo bo‘lgandi.

Ruslan Chagayev professional ringda ja‘mi 32 ta jang o‘tkazib, shundan 29 tasida g‘alaba qozongan.

Ruslan o‘z vazn toifasida ham professional va ham havaskor boksda dunyodagi eng kuchli bokschilardan biri sifatida tan olinadi.

U bir necha yildan buyon Olmoniyaning Universum Box-Promotion klubida shug‘ullanib keladi.

Billi Zumbrun bilan jang klub uyushtirayotgan yirik boks kechasi doirasida bo‘lib o‘tadi.