O‘zbekiston: Nafaqasi qirqilgan go‘daklar chorasiz sharoitda o‘smoqda

Image caption O‘zbekistonda yil sayin bolalar nafaqalari va nogironlar imtiyozlari kamayotgani aytiladi

"Bolalari nafaqasi qirqib tashlangan ko‘plab oilalar farzandi betob bo‘lib qolsa, dori-darmon ololmaydi va yo hatto sun‘iy sutga ham pul topolmaydi".

Xorazmdagi "Najot" tashkiloti hisoboti bolalar nafaqasi bekor qilingan aksar yosh xonadonlar sharoitini ana shunday tasvirlaydi.

"Bizga ko‘plab yosh oilalar murojaat qilishadi" - deydi viloyatdagi ahvolni o‘rgangan "Najot" rahbari Hayitboy Yoqubov - "Mahalla qo‘mitalari kelib, sovet davridan qolgan uyga va yoki qaynotaning eski televizoriga qarab, go‘daklarning nafaqalarini qirqib tashlashmoqda".

"Lekin yosh oilalarda ba‘zan to‘yda tushgan gilamu ko‘rpa-yostiqdan boshqa narsa bo‘lmaydi. Erkaklar ishsiz va muntazam daromad manbai yo‘q. Ko‘plab xonadonlar nima qilishni bilmay, bizga murojaat qilishmoqda".

Tashkilot bu borada ko‘plab misollarni keltiradi.

Shifer toming bo‘lsa, nafaqa yo‘q

Xivalik Dilso‘z ko‘kragiga virus tushgani uchun bolasini emiza olmaydi. Shifokorlar yozib bergan maxsus sun‘iy sutning har qutisiga o‘rtacha 40 ming so‘m (20 AQSh dollari) to‘lab sotib olish uchun esa puli yo‘q.

"Ammo fuqarolar yig‘ini vakillari kelib, Sovet davrida shifer qilingan 30 yillik tomni ro‘kach qilib, bolalar nafaqasini bermaslikka qaror qilishdi".

Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi Anjirbibi esa oilasidagi 42 yillik eski avtomashinani bahona qilib, bolasiga nafaqa berishmaganini, aytgan.

Faollarga ko‘ra, O‘zbekistondagi bolalar nafaqasi taqriban 38 mingdan so‘mdan boshlanib, 78 ming so‘mga ham yetadi. (O‘rtacha 15-40 AQSh dollari).

So‘nggi yillari mahalla fuqarolar yig‘inlari har bir oilaning moddiy ahvoliga qarab, nafaqa belgilashayotgani aytiladi. Ammo nafaqa belgilash jarayonida ba‘zan ta‘magirlik va poraxo‘rlik hollari borligi haqida da‘volar mavjud.

"Poraxo‘rlik borligini qayerddan bilish mumkin? Mana televideniye va matbuotda ham bu borada aytib turishibdi" - deydi Hayitboy Yoqubov.

O‘tgan yil davomida "Najot"ga yuzdan ziyod oila aynan bolalar nafaqasi qirqib tashlanayotganidan shikoyat qilib, murojaat etgan.

"Lekin ularning hech biri hamon nafaqa ololmagan".

Faollarga ko‘ra, juda kamdan-kam hollarda, Toshkentdagi yuqori muassasalarga murojaat etishga qurbi yetgan yakkam-dukkam xonadonlar bolalar nafaqalarini tiklashga musharraf bo‘lishadi xolos.

Poytaxtdan ming kilometr uzoqdagi Xorazmdan Toshkentga shikoyat bilan kelish esa, bolasiga sun‘iy sut va yo dori olib berolmayotgan ota-ona uchun deyarli imkonsiz bo‘lishi mumkin.

"Najot" guruhi Yangibozordagi butun xonadoni ishsizlikdan qiynalayotgan Ro‘zika-onaning nevaralari endi nafaqadan ham mahrum qilinganini qayd etadi.

"Telivizorda bizdek kambag‘allarga yordam ko‘rsatilishini ko‘p aytishadi" - deya hayron bo‘ladi Ro‘zika-ona.

Negaki, amalda uning oilasiga yordam ko‘rsatilmaydi.