Buxoro Arkining qayta ta‘mirlangan devori yana qulab tushgan

Buxorodan olingan xabarlarga ko‘ra, qadimiy Ark qo‘rg‘onining o‘tgan yili ta‘mirlangan devori yana qulab tushgan.

Sathga yaqin manbaning aytishicha, qulab tushgan devorning uzunligi kamida 35-40 metrni tashkil etadi.

Hodisa Arkning markaziy darvozasiga yaqin yerda, chap tomonga ketishda 25 metrlar o‘tib, yuz bergan.

Hozir sathda devorni tiklash uchun quruvchilar ishlashayotgani aytiladi.

Ayni o‘rinda shuni ta‘kidlash joizki, qo‘rg‘on devorining aynan shu qismi ta‘mirlanganiga hali bir yil ham bo‘lmagan.

O‘tgan yil mas‘ullar buning sababini qisman bahorning nihoyatda seryog‘in kelgani bilan izohlashgandi.

Mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra esa, qayta-qayta yuz berayotgan hodisaga restavratsiya texnologiyasiga to‘liq amal qilinmasligi sabab bo‘lgan.

Ularning nazdlarida ushbu muammoning ildizi eng avvalo korruptsiyaga borib taqaladi.

Ya‘ni, kuzatuvchilarning urg‘ulashlaricha, yuz bergan hodisada qurilish materiallari, tsementlardan urib qolinishi, g‘ishtlarning sifatsiz qo‘yilishi va quruvchilar professional malakasining pastligi ozmuncha rol o‘ynamagan.

Ular qo‘rg‘onning ayrim qismlari shuncha asrlardan buyon ham qilt etmay turganini nazarda tutib, yaqinda ta‘mirlangan devorning qayta qulab tushishiga qattiq kelgan qishning ta‘siri sabab bo‘lgani ehtimolini ham rad etishadi.

Ta‘mirlash ishlari

O‘zbekistonda 1996 yil Buxoro shahrining 2500 yilligi nishonlangan, yubiley munosabati bilan keng qurilish va ta‘mirlash ishlari tashkil etilgan edi.

Mahalliy mas‘ullar o‘shanda Ark qo‘rg‘oninng janubiy qismi devorlari ilmiy asosda injenerlik texnologiyalaridan foydalanib mukammal ta‘mirdan chiqarilganini aytishadi.

Ularga ko‘ra, Arkning shimoliy devori ham qisman mustahkamlash ta‘miridan o‘tkazilgan, biroq qo‘rg‘onning boshqa devorlari hali mustahkamlash maqsadidagi mukammal ta‘mirga muhtoj.

O‘tgan yili O‘zbekiston hukumati Buxorodagi qadimiy binolarni asrab-avaylash maqsadida maxsus qaror ham qabul qilgan.

Bu hujjatda 2020 yilgacha shahardagi tarixiy binolarni ta‘mirlash, konservatsiyalash tadbirlari ko‘zda tutilgan.

Buxoro O‘zbekistonning faxri hisoblangan hamda dunyo sayyohlarini o‘ziga jalb etadigan shahar.

Sayyohlar tomosha qilish uchun boradigan asosiy maskanlardan biri Buxoro amirlarining qarorgohi joylashgan bugungi Ark qo‘rg‘onidir.

Arxeologiya manbalariga ko‘ra, Buxoro Arki eramizdan avvalgi III asrda barpo etilgan.