O‘zbekiston: Rekord tonnadagi palovga so‘nggi hozirliklar ketmoqda

O‘zbekiston Oshpazlar Uyushmasiga ko‘ra, rekord tonnada palov pishirib, "Ginnes"ning rekordlar kitobiga kirish rejasini amalga oshirish uchun hozirliklar jadallik bilan kechmoqda.

So‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, tashabbuskorlar 4 tonna 998 kg palov pishirish rejasidalar:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Uyushma rahbari Akbar Umarovning BBC bilan suhbatida aytishicha, rekord tonnadagi palovga ketajak yakuniy masalliqlar miqdorini ham ishlab chiqishgan.

"1 tonna 500 kg.dan ortiqroq guruch ketadi, 1 tonna 300 kg.ga yaqin go‘sht lozim bo‘ladi, Sabzi va yana boshqa, boshqa masalliqlar, hammasi hisob-kitob qilinib, aniq qilib, yozib qo‘yilgan", deydi u.

Akbar Umarovning aytishicha, orada kechgan vaqt davomida O‘zbekistonning o‘zi va chet ellardan tashabbuslarini qo‘llab, yordamlarini taklif etgan insonlarning soni ham ortgan.

"Hozir uyushmamizning juda katta sondagi a‘zolari bor. Bir mutaxassisimiz men 100 kg. oshning xarajatini qilaman, desa, birisi men bunisini qilaman, degan. Internet orqali tashabbusimizdan boxabar bo‘lgan yana ayrimlari esa, qo‘ng‘iroq qilib, guruchi, sabzisi yoki yog‘ini olib beraman, degan takliflar bilan ham chiqishyapti", deydi u.

Uyushma rahbarining so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, Moskva va Ukrainadagi O‘zbek milliy taomlari restoranlari rahbarlari ham o‘z yordamlarini taklif etishgan.

U bu xususda loyihalar ishlab chiqilgani va hozir tadbirning tashkiliy jihatlari ko‘rib chiqilayotganini ham aytadi.

O‘zbekistonlik tashabbuskorlar o‘tgan yilning dekabr oyida rekord tonnada palov pishirib, "Ginnes"ning kitobiga kirish istagida ekanliklarini bayon qilishgandi.

Ushbu loyiha www.oshxona.uz sayti tashabbusi va O‘zbekiston Oshpazlar Uyushmasi ko‘magi va boshchiligida amalga oshirish rejalashtirilgan.

Tashabbuskorlar bundan maqsad O‘zbekiston, O‘zbek milliy oshxonasi va palovini dunyoga tanitish ekanini aytishadi.

Dastlabki xabarlarda rekordning mart-aprel oylarida o‘rnatish rejalanayotgani bildirilgandi.

Uyushma rahbarining so‘nggi suhbatidan ma‘lum bo‘lishicha, Ginnes xalqaro qo‘mitasidan aniq javob olishmagani bois, hozircha tadbirning sanasi tayin emas.

"Biz tadbirni qachonga rejalashtirish masalasida qo‘mitaga ikki-uch marotaba murojaat etdik. Ayon bo‘lishicha, qo‘mitada har ikki-uch oyda maxsus hay‘at tuzilib, kelgan takliflar ko‘rib chiqilib, shundan so‘ng bir qarorga kelisharkan. Shuning uchun, ko‘rib chiqib, keyin sizlarga javobini aytamiz, deyishdi. Mana, poylab turibmiz. Hali aniq bir javob olganimiz yo‘q," deydi janob Umarov.

O‘zbek milliy taomlaridan hali hech biri "Ginnes"ning rekordlar kitobidan o‘rin olmagan.

Eng og‘ir vazndagi palov esa, so‘nggi bor 2007 yilda Urumchida tayyorlangan.

Ayrim manbalarda uning vazni bir tonnadan ziyod bo‘lgani va 10.000 kishi uchun mo‘ljallangani ham aytilgan.