Amnesty International: Ovro‘poda musulmonlar kamsitilmoqda

Image copyright AFP
Image caption "Xalqaro Amnistiya" ayollarning o‘ranishga majburlanishiga qarshi, ammo taqiqlarni ham qo‘llamaydi

Qarorgohi Londonda joylashgan "Xalqaro Amnistiya" tashkilotining aytishicha, Ovro‘poda o‘zining dindorligini oshkora namoyish etadigan musulmonlarni kamsitish hollari keng tarqalgan.

O‘zining so‘nggi hisobotida tashkilot Ovro‘po hukumatlarini musulmonlarga nisbatan salbiy qarashlar va noto‘g‘ri tushunchalarga qarshi faolroq kurashishga chaqirgan.

Hisobotda aytilishicha, musulmonlarni an‘anaviy kiyim kiyganlari uchun ishdan olishadi yoki o‘quv yurtidan haydaydilar.

Amnesty International ayrim Ovro‘po davlatlarida musulmon ayollarning niqob o‘rashlari yoki yuzni to‘la yopishlariga qarshi joriy etilgan cheklovlarni tanqid qilgan.

"Muslimalarni faqat an‘anaviy kiyim kiyganlari, jumladan, hijob o‘raganlari uchungina ishdan olishmoqda yoki o‘quv mashg‘ulotlariga qo‘yishmayapti. Musulmon erkaklarni esa soqol qo‘yganlari uchun ishdan haydashlari mumkin, - deydi "Xalqaro Amnistiya" eksperti Marko Perolini.

Unga ko‘ra, saylovchilarning ovozini olishdan boshqa narsani o‘ylamaydigan siyosiy partiyalar bu kabi noto‘g‘ri tushunchalarga qarshi kurashish o‘rniga ularning yanada ko‘proq tarqalishiga hissa qo‘shishmoqda.

E‘tiqod erkinligi

Hisobotda Belgiya, Frantsiya, Gollandiya va Ispaniyada musulmon ayollarning yuzni to‘la yopib yurishlariga qo‘yilgan taqiqlar, shuningdek, Shveytsariyada 2009 yilda minoralar qurilishini taqiqlovchi qonun tilga olinadi.

Unda shuningdek, ayrim davlatlarda joriy etilgan talaba-o‘quvchilarning maktab-muassasalarda hijob va boshqa diniy ramzlarni taqiqlovchi qoidalar ham tanqid qilingan.

"Diniy va madaniy ramzlarni taqish yoki kiyish o‘z-o‘zini izhor qilish huquqi hamda diniy erkinliklarga kiradi. Bu huquqlar barcha din vakillariga bir xil darajada ta‘minlanishi kerak", - deb aytdi "Xalqaro Amnistiya" vakili.

Amnesty International ga muvofiq, bu kabi taqiqlarni xavfsizlik sabablari bilan oqlash mumkin emas.

Huquq himoyachilari xotin-qizlarning an‘anaviy kiyimlarni kiyishga majburlanishiga qarshi chiqishadi.

Ayni paytda ular bu kabi qiyofatning taqiqlanishiga ham qarshilar.

Tashkilot Belgiya, Frantsiya va Gollandiya hukumatlari ish joyida kamsitishlarga qarshi qonunlarning bajarilishini amalda yetarli nazorat qilmayotganliklarini aytgan.

Hisobotda aytilishicha, ish beruvchilar ishchilarni diniy yoki madaniy ramzlarni taqish boshqa hamkasblar va shirkat mijozlarining nafsoniyatini ezadi hamda shirkatning obro‘siga salbiy ta‘sir ko‘rsatadi, degan vajlar bilan ishdan bo‘shatish hollari qayd etilgan.

Tadqiqot xulosalariga ko‘ra, musulmon davlatlardan kelgan ayol muhojirlar orasida ishsizlar soni ko‘p, buni esa qisman kamsitishlar bilan izohlash mumkin.

"Xalqaro Amnistiya" diniy kamsitish hollariga qarshi kurashish uchun maxsus davlat idoralarini tuzishni taklif etmoqda.