"Xalqaro Mehnat tashkiloti O‘zbekistondagi majburiy bolalar mehnatini kuzatsin"

Image caption 2011 yilda O‘zbekistondagi majburiy bolalar mehnati yuzasidan monitoring olib borayotgan uch nafar faol noqonuniy hibsga olingan.

AQSh Davlat Kotibi Hillary Klinton o‘zbek hukumatini majburiy bolalar mehnatidan voz kechishi uchun zudlik bilan chora ko‘rishga chaqirishi zarur.

G‘arblik va o‘zbekistonlik bir guruh nodavlat tashkilotlarining Klinton xonimga yo‘llagan maktubida shunday deyiladi.

O‘zbekiston hukumati yillarki paxta-yig‘im terimida majburiy bolalar mehnatidan foydalanayotganlikda xalqaro tanqidlar ostida qolib keladi, biroq o‘zbek rasmiylari bu kabi hollar amalda ekanini doimo rad etib kelishgan.

Ushbu maktub AQSh hukumati Xalqaro Mehnat tashkilotining yillik yig‘ini uchun majburiy mehnatga oid hisobot tayyorlayotgan bir paytga to‘g‘ri kelgan.

AQShda mavjud qonunlarga ko‘ra, majburiy mehnatni bartaraf etmagan davlatlarga nisbatan jazo choralari qo‘llanadi.

Klinton xonimga bitilgan maktubda ta‘kidlanishicha, O‘zbekiston hukumati sanktsiyalarga ro‘baro‘ bo‘lmasligi uchun bolalarni mehnatga majburlash tajribasidan butkul voz kechishi zarur.

"Paxta mavsumida bolalarni yig‘im terimiga majburlashini davomli rad etib kelayotgan o‘zbek hukumati mazkur talabni bajara olmadi", deyiladi maktubda.

AQSh Davlat Departamentining majburiy mehnatga oid 2011 yilda nashr etilgan hisobotida O‘zbekistonda paxta yig‘ib olish bo‘yicha davlat rejasining mavjudligi majburiy bolalar mehnati saqlanib qolayotganining asl sababidir, deya keltirilgan.

G‘arblik va o‘zbekistonlik inson huquqlari faollari, kasaba ittifoqlari va sarmoyadorlar imzolagan maktubda shuningdek rasmiy Toshkentdan bu yilgi paxta yig‘im terimini nazorat qilish uchun Xalqaro Mehnat tashkilotining kuzatuvchilarini O‘zbekistonga da‘vat qilish so‘ralgan.

Human Rights Watchning Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlouning aytishicha, O‘zbekiston hukumatining bir necha yildan buyon Xalqaro Mehnat tashkilotini paxta yig‘im-terimi chog‘ida mamlakatga qo‘ymayotgani, bolalarning majburiy mehnatini hujjatlashtirishga uringan inson haqlari faollarini ta‘qib qilayotgani O‘zbek hukumati bu muammoga qarshi kurashmayotganini anglatadi.

Unga ko‘ra, AQSh hukumati Xalqaro Mehnat tashkiloti va mahalliy faollarning mustaqil monitoring olib borishlarini talab qilishi kerak.

AKSh davlat kotibasiga yullangan maktubda o‘zbek hukumati dunyoda eng repressiv hukumatlardan biri sifatida qolayotgani ta‘kidlanadi.

Maktub mualliflariga ko‘ra, 2011 yil maxta mavsumidagi kuzatishlar, 10 yoshli bolalarning paxta terishga majburlangani, shuningdek, Amerikaning "General Motors" shirkati ishchilari doxil ko‘plab xizmatchilarning hashar va hukumatning paxta rejasini bajarishga majburlangani aytiladi.

2011 yilda, deyiladi maktubda, shuningdek, hukumat majburiy bolalar mexnati yuzasidan monitoring olib borayotgan uch nafar faolni noqonuniy hibsga olgan.

O‘zbekiston hukumati paxta dalalarida bolalarninbg ekspluatatsiya qilinishini rad etib keladi.

Yaqinda O‘zbekiston hukumati bu yil bolalarning majburiy mehnati yuzasidan o‘zi monitoring olib borishini ma‘lum qilgan.