Jahon Matbuot kuni arafasida yana Dilmurod Sayidni ozod qilishga chaqirildi

Image caption 12 yillik qamoqqa hukm etilgan Dilmurod Sayyidga nisbatan jinoiy ish keng miqyosda soxtalashtirilgan deb ko‘riladi.

3 may Jahon Matbuot kuni arafasida AQSh Davlat departamenti dunyodagi tazyiq ostidagi jurnalistlarning ahvoliga yana e‘tibor qaratishga qaror qilgan, Amerika tashqi siyosat idorasi urg‘ulagan jurnalistlar orasida o‘zbekistonlik tutqun ijodkor Dilmurod Sayyid ham bor.

"Jahon Matbuot kuni yaqinlasharkan, dunyo bo‘ylab jurnalistlarning ovozlari o‘chirilmoqda. Juda ko‘p joylarda jurnalistlar qamalayaptilar, hujumga tutilmoqdalar, tahdid qilinmoqdalar, o‘ldirilmoqdalar yoki yangilik haqida axborot berishga, o‘z-o‘zini izhor qilish erkinligini ifodalashga intilgan paytlarida g‘oyib bo‘lmoqdalar", deydi Amerika Davlat departamenti.

"Yaqin kunlarda AQSh Davlat departamenti eng ko‘zga tashlangan jurnalistlarga tahdid bilan bog‘liq holatlarga e‘tibor qaratadi va barcha hukumatlarni so‘z erkinligi universal inson huquqini muhofaza qilishga chaqiradi", deyiladi bosim ostidagi jurnalistlarga bag‘ishlangan turkum so‘zboshisida.

AQSh Davlat departamenti Dilmurod Sayyidning mahkamasini O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlariga zid ravishda o‘tkazilgan mahkama deb ataydi.

"Sayyil korruptsiyaning tanqidchisi sifatida tanilgan. U mahalliy rasmiylar tomonidan fermerlarning huquqlari poymol etilayotgani haqida axborot tarqatgan. U qator mustaqil va muxolifat veb-saytlari, jumladan "Ozodlik ovozi" web-sahifasi uchun maqolalar yozgan va O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan ikki inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlaridan biri "Ezgulik" jamiyati a‘zosi bo‘lgan".

Dilmurod Sayyidga 2009 yil fevralida qo‘yilgan ta‘magirlik va poraxo‘rlik ayblovlari keng miqyosda soxtalashtirilgan deb ko‘rilishi ma‘lum qilinadi.

U hozir Navoiy viloyatidagi qattiq qo‘riqlanadigan qamoqxonada saqlanmoqda.

O‘zbek jurnalistining ozodlikdan mahrum etilishi uning salomatligiga zarar yetkazgani, bugungi kunda Dilmurod Sayyidning silga chalingani urg‘ulanadi, sil xastaligi esa maxsus davolanishni talab qiladi.

"Xabarlarga ko‘ra, 59 yoshli janob Sayyid ko‘p vaznini yo‘qotgan va hozir uning og‘irligi 58 kilogrammdan ham kamayib ketgan".

2009 yil noyabrida janob Sayyid bilan ko‘rishish uchun borayotgan rafiqasi va olti yoshli qizi avtomobil halokatida olamdan o‘tganlar.

"Biz O‘zbekiston hukumatini Dilmurod Sayyidni ozod qilishga, u hibsda saqlab turilgan paytida zudlik bilan tegishli tibbiy muolaja bilan ta‘minlashga hamda O‘zbekistondagi mustaqil jurnalistlar biror bir qo‘rquv yoki ta‘qibsiz faoliyat yuritishlari uchun siyosiy fazoni yaratish choralarini ko‘rishga chaqiramiz", degan AQSh Davlat departamenti.

Amerika tashqi siyosat idorasi bosimga uchragan jurnalistlardan kubalik blogger Yoani Sanches, tibetlik hujjatli film ijodkori Dxondup Vangchen, belaruslik demokratik faol Natalya Radzina, vetnamlik blogger Diyeu Key ahvollariga e‘tiborni qaratgan.