Qozog‘iston Prezidenti: G‘arb o‘z qadriyatlarini zo‘rlab o‘tkazmoqda, rangli inqiloblardan esa naf bo‘lgani yo‘q

"Rossiya -24" telekanaliga bergan intervyusida Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning aytishicha, ba‘zi mamlakatlardagi vaziyatlarga aralashish yo‘lida ommaviy axborot vositalaridan foydalanish xavfsizlik muammolarni keltirib chiqarmoqda.

"Turli xalqlarning o‘zgacha dunyoqarashlari, tarixiy va an‘anaviy o‘ziga xosliklari nazarda tutilmayapti. Amerika tomonidan targ‘ib qilinayotgan g‘arb madaniyatini to‘g‘ridan -to‘g‘ri olib kelib, o‘rnatish mumkin emas", dedi janob Nazarboyev.

Qozog‘iston Prezidentiga ko‘ra, o‘tgan yil mobaynida turli inqilobiy vaziyatlarni boshdan kechirgan davlatlar iqtisodi rivojlanishi 15 yilga ortga qaytdi.

"Rangli inqiloblar tufayli Ukraina iqtisod sohasidagi o‘zining peshqadam mavqeini qo‘ldan boy berdi, Gurjiston esa qarzga botib, foyda foizlarini to‘lashga majbur bo‘lib yotibdi", dedi suhbat mobaynida Nursulton Nazarboyev.

Janob Nazarboyevga ko‘ra, Sobiq Ittifoq davlatlari aholisining ongi oydinlashib bormoqda, shuning uchun bu hududda kelgusi rangli inqiloblar ehtimoli kam.

"Qirg‘iziston deyarli mutassil inqiloblarni boshdan kechirmoqda, lekin xalqning hayoti yaxshilangani yo‘q", dedi janob Nazarboyev.

Janob Nazarboyev shuningdek, Misr, Liviya va Tunsida islomiy harakatlar tobora ko‘proq bo‘y ko‘rsatayotganidan xavotir bildirdi.

"Islomiy harakatlar Shariat qonunlariga ko‘proq moyil ekanliklariga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bu inqilob va davlat to‘ntarishlari orqali erishilgan narsa shu bo‘lmoqda", dedi Qozog‘iston Prezidenti.

Lekin janob Nazarboyevga ko‘ra, siyosiy harakatlar tomonidan global matbuot - Internetdan foydalanish kuzatilayotganligiga qaramay, Qozog‘istonda Internetga cheklovlar kiritilmaydi.

"Biz o‘zimizni ixotalab olmoqchi emasmiz. Chunki rivojlanish shu yo‘lda ketmoqda, biz ham o‘sha yo‘nalishda yurmog‘imiz lozim", dedi janob Nazarboyev.

Lekin Qozog‘istonda ko‘plab bloglar va vebsahifalarga taqiq qo‘yilgan va mahalliy foydalanuvchilar uchun yopiq.

Ovro‘po Ittifoqi va AQSh, shuningdek, qator xalqaro tashkilotlar QOzog‘istondagi inosn huquqlari va demokratiya sohasidagi kamchiliklari uchun tanqid ostiga olib keladilar.