Usoma bin Lodin oilasi a‘zolari Pokistondan deportatsiya qilingan

Image copyright AFP
Image caption Bin Lodin oilasi o‘tirgan kichik avtobus chodir bilan to‘silgan.

Pokiston rasmiylariga ko‘ra, Usoma bin Lodinning uch rafiqasi va bolalari poytaxt Islomoboddan Saudiya Arabistoniga deportatsiya qilinganlar.

Bin Lodin oilasi a‘zolari o‘tirgan kichik avtobus tunda Islomoboddagi villalardan biridan aeroportga yo‘l olgan, villa atrofi va aeroportgacha bo‘lgan yo‘ldagi kuzatuv Pokiston harbiylarining qattiq xavfsizlik choralari ostida o‘tgan.

Yo‘lga chiqishidan oldin minibas atrofi chodir bilan to‘sib qo‘yilgan.

Uning ichida Usoma bin Lodinning uch rafiqasi va 11 farzandi bo‘lgan, deb ishoniladi.

Pokiston mahkamasi Bin Lodinning uch xotini va voyaga yetgan farzandlarini Pokiston hududiga noqonuniy kirishda aybdor deb topgan va 45 kunlik uy qamog‘iga mahkum etgan edi.

Ular uy qamog‘ini boshqa yaqinlari yashagan Islomoboddagi villada o‘taganlar.

Mahkamaning uy qamog‘i haqidagi qarori ijrosi muddati tugaganidan keyin ular Pokistondan chiqarib yuborilganlar.

Usoma bin Lodinning ikki rafiqasi Saudiya Arabistoni fuqarosi ekani aytiladi.

Uning uchinchi xotini Yaman fuqarosi, u Saudiya Arabistonidan vataniga yuborilishi xabar qilingan.

"Al-Qoida" tarmog‘i rahbari Usoma bin Lodin bundan bir yil oldin - 2011 yil 2 may kuni Pokistonning Abbotobod harbiy shahri hududidagi villada Amerika maxsus bo‘linmasi tomonidan o‘ldirilgan edi.

2001 yil 11 sentyabr hodisalari va undan keyingi Afg‘onistonga ishg‘ol yillarida "Al-Qoida" rahbari Usoma bin Lodin iziga tushilgan, uni tirik yoki o‘lik holda topishga harakat qilingan.

U o‘ldirilganidan keyin kichik rafiqasi Amal Abdulfattoh aytishicha, so‘nggi 10 yil mobaynida bin Lodin Pokistonning turli joylariga ko‘chib yurgan va ayoli to‘rt farzandini tuqqan.

BBC muxbiri Alim Maqbulga ko‘ra, bin Lodin oilasi chiqarib yuborilishi bilan Pokiston rasmiylari "engil tin oldilar", bu bilan o‘zlari uchun eng uyatli bo‘lgan tarix sahifasini yopganday bo‘ldilar.